TDT sammiti: Tashqi bozorlarni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega

11.11.2022, 16:39

TDT sammiti: Tashqi bozorlarni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega

Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qilayotgan yig‘ilishda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, kuzatuvchi mamlakat Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban sammitning faxriy mehmoni - Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, shuningdek, tashkilot bosh kotibi Bag‘dod Amreyev ishtirok etdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlab, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun birgalikda salmoqli ishlar qilingani e’tirof etildi. Shu bilan birga, hali katta salohiyat va ulkan imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayotgani ham ta’kidlanib, bu borada hamkorlikning savdo-iqtisodiy poydevorini yanada mustahkamlash maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun Tashkilot doirasida “yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududi”ni barpo etish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Ushbu Forum doirasida “davlat va biznes” formatida qo‘shma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va davra suhbatlari, innovatsion loyihalar taqdimotlari va ko‘rgazmalar o‘tkazish katta amaliy natija berishligi ta’kidlandi.

Turkiy davlatlar tashkiloti nafaqat o‘z mamlakatlarini, balki tashqi bozorlarni ham qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish, aniq loyihalar asosida hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida qator takliflarni o‘rtaga tashladi.

Birinchidan, TDTning global va ichki bozorlar ehtiyojlari, davlatlarning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha Tashkilot doirasida ko‘p tomonlama bitim qabul qilish vaqti kelganligi;

Ikkinchidan, sohaga innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarni jadal olib kirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘rtasida keng qamrovli sheriklikni o‘rnatish muhimligi;

Uchinchidan, ijobiy tajriba asosida, Turkiy agroforumni muntazam o‘tkazib borish va uning ikkinchi anjumanida “Smart” qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish lozimligi borasidagi takliflar bildirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, sammit doirasida erishiladigan kelishuvlar, qabul qilinadigan hujjatlar nafaqat TDT makonida, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.

Barno Mirzamova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    307
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+