Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslari, muammo va yechimi tahlil qilindi

11.11.2022, 16:41

Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslari, muammo va yechimi tahlil qilindi

Bugungi globallashuv jarayonida xotin-qizlarning o‘rni va roli har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois islohotlarning asosiy mazmuni ham xotin-qizlarning yangi g‘oya va tashabbuslar bilan chiqishlarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirok etishlarini ta’minlash, ularning oila va jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash, qolaversa, turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilmoqda. 

O’zLiDeP ham mana shu jarayonda chetda turgani yo‘q. Partiyaning joylardagi Kengash va tashkilotlari tomonidan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, siyosiy hamda huquqiy savodxonligini oshirish, zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilish yo‘nalishida qator tizimli amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi “Ayollar qanoti” tomonidan partiya Toshkent viloyat Kengashi hamkorligida “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslari: muammo va yechimlar” mavzusida tashkil etilgan navbatdagi davra suhbati ayni maqsadda o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nigora Qutlimuratova, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi direktori Muqaddam Rasulova, partiya faollari, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan ayollar, tuman IIB mas’ul xodimlari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlar gender tenglikni va teng huquqlilikni ta’minlashdagi ijtimoiy adolat namunasi bo‘layotganini alohida ta’kidlashdi.

Mamlakatimizda xotin-qizlar muammolarining yechimi bo‘yicha bugungi kunda mamlakatimizda shunday tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tashkil etilgani, bu qo‘mita quyi negiz bo‘lgan mahalladagi eng chekka xonadonga kirib borgani fikrimizning yorqin isboti bo‘la oladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Toshkent viloyat hududiy markaziga 2022 yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida murojaatlar kelib tushgan. Shulardan 322 ta holatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgan bo‘lsa, 106 ta jismoniy, 16 ta jinsiy, 267 ta ruhiy, 13 ta iqtisodiy zo‘ravonlik qilingan. Oilada 396 ta, ish joyida 3 ta, jamoat joyida 19 ta zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar murojaatlari tizimli o‘rganilib, ularning 236 tasiga psixologik, 179 tasiga yuridik, 14 tasiga tibbiy, 63 tasiga himoya orderi olishda, 31 nafariga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgan. Toshkent viloyati hududiy bo‘limlarining  yotoqxonalarida 77 nafar shaxs reablitatsiya dasturini o‘tashgan. Taassufki, ushbu raqamlar jamiyatda ildiz otgan xotin-qizlarga nisbatan har qanday ko‘rinishdagi tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi birgalikda ayovsiz kurashish kerakligini anglatadi.

Tadbirda mazkur masala ham katta diqqat va e’tibor bilan tilga olindi. Atroflicha muhokama qilindi. Ayollarni e’zozlash, millat onalarini jamiyat va oiladagi mavqeini oshirishda aholining keng qatlamlari orasida targ‘ibot ishlarini olib borish, madaniyatini yuksaltirish lozimligi ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalishda kelgusida o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar haqida kelishib olindi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    375
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+