Turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda

11.11.2022, 16:42

Turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda

Dunyo tamaddunining beshigi hisoblangan Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishining o‘tkazilishi bejiz emas. Chunki, Samarqand azal-azaldan dunyo mamlakatlarini bir maqsad va maslak yo‘lida birlashtirishda muloqot markazi vazifasini bajarib kelgan. Bugungi kunda ham qadimiy va hamisha navqiron shahar uzoq-yaqin mamlakatlarning eng nufuzli anjumanlariga mezbonlik qilib kelmoqda.

Binobarin, Turkiy davlatar tashkiloti rahbarlari  kengashining O’zbekiston mezbonlik qilayotgan bu galgi uchrashuvi ham go‘zal va betakror Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Qolaversa, turkiy dunyo davlatlarining va xalqlarining birlashishi mintaqada tinchlik, xotirjamlik, farovonlik hamda geosiyosiy hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishiga shak-shubha yo‘q. Shu ma’noda Turkiy dunyoni buyuk kelajak kutib turibdi, desak sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Yig‘ilishda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya prezidentlari, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi hamda Vengriya Bosh vaziri, shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA), Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi rahbarlarining ishtirok etgani anjuman nufuzini yanada oshirdi.

Davlat rahbarlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish asnosida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, turizm, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratishdi. Hududlar o‘rtasida fan va ta’lim, texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish yuzasidan ham fikr almashishdi.

Albatta, bugun dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari ortib borayotgan sharoitda Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining o‘zaro muloqoti bu dolzarb muammolarga yechim topishda hamda umumiy yondashuvlarni belgilab olishda nihoyatda muhimdir.

Shu munosabat bilan O’zbekiston o‘z raisligi davrida “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi hamda qabul qilingan Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasini samarali amalga oshirish, 170 milliondan ortiq aholi yashaydigan ulkan mintaqani o‘z ichiga olgan Tashkilot nufuzini yanada mustahkamlash, va eng asosiysi – tarixi, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqishga harakat qilinadi. Albatta, bu borada O’zbekiston rahbari Tashkilot faoliyatining chuqur tahlili asosida turkiy mamlakatlarning ulkan salohiyati va imkoniyatlarini ishga solishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, mamlakatlarimizning o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdomizning atigi 4 foizini tashkil etadi. Uning qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Albatta, bunday holat hech birimizni qoniqtirmaydi, - deya ta’kidladi Prezidentimiz va bu strategik yo‘nalishda vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun Tashkilot doirasida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini”ni barpo etish tashabbusini ilgari surdi.

Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Va aytish joizki, bu nufuzli anjuman mintaqadagi davlatlarni va xalqlarni ham siyosiy, ham iqtisodiy va ma’naviy jihatdan bir-biriga yanada yaqinshaltiradi ham do‘stlik, qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi, deb ishonaman.

Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    191
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+