O’zLiDeP 19 yoshda: Partiyaning o‘tgan davrdagi faoliyati hamda Taraqqiyot strategisidagi vazifalar ijrosi tahlil qilindi

14.11.2022, 12:53

O’zLiDeP 19 yoshda: Partiyaning o‘tgan davrdagi faoliyati hamda Taraqqiyot strategisidagi vazifalar ijrosi tahlil qilindi

Joriy yilning 14 noyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi XI majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda partiyaning 2022 yil o‘tgan davrdagi faoliyati yakunlari hamda “Yangi O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda O’zLiDePning ishtiroki bilan bog‘liq ishlarning borishi muhokama qilindi.

Yig‘ilish avvalida O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov partiyaning 19 yilligi bilan tabriklab, samimiy tilaklarini izhor etdi.

O’tgan bu vaqt mobaynida O’zLiDeP o‘z taraqqiyot yo‘lidan izchil ildamlab, yuksalish pallasiga kirdi, salmoqli siyosiy tajribaga ega bo‘ldi. Partiya hozirda o‘z rivojining yangi sifat bosqichida turibdi. Bu, avvalo, partiya safining kengayishi va partiyaning tashkiliy jihatdan mustahkamlanishida ham yaqqol namoyon bo‘lyapti. Bugungi kunda partiyaning 1 million 200 mingdan ziyod a’zosi bo‘lib, qariyb 14 mingta boshlang‘ich partiya tashkilotini birlashtirib turgan yetakchi siyosiy kuchga aylandi. Shuningdek partiya parlamentda va joylardagi hokimiyat vakillik organlarida ham eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega. Bu raqamlar partiyaning intilishlari zoye ketmaganidan, O’zLiDePning xalq orasida nufuzi ortib, ijtimoiy bazasi uzluksiz kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Yig‘ilishda partiyaning o‘tgan faoliyat davrini sarhisob qilish barobarida, keyingi rejalarni belgilab olish masalalariga e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, partiya o‘z dasturiy vazifalariga sodiq qolgan holda faoliyatini “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida tashkil etyapti. Xususan, partiyaning Saylovoldi dasturida ilgari surilgan 205 ta band ijrosi O’zbekiston Respublikasi qonunlari qabul qilinishi, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan huquqiy hujjatlar qabul qilinishi hamda davlat dasturlariga kiritilishi orqali ta’minlanib, bu borada parlament, deputatlik va jamoatchilik nazorati tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.

Bugungi kunda partiyaning Saylovoldi dasturidagi 161 ta band ijrosi to‘liq ta’minlandi, 10 ta band ijrosi qisman ta’minlangan, 59 ta band hozirgi kunda bajarilmoqda va 3 ta band ijrosi kelgusi yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Masalan, Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari tashabbusi bilan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi va “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlar ishlab chiqildi. Biznes yuritishga oid qonun xujjatlarini o‘zida mujassam etgan “Tadbirkorlik kodeksi” loyihasi tegishli vazirlik, idoralar, partiya faollari, soha mutaxassislari hamda ekspertlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilyapti.

Yana bir muhim masala mamlakatimiz hayoti, kelajagiga daxldor bo‘lgan Konstitutsiyani takomillashtirish jarayoni bilan bog‘liq targ‘ibot ishlarida ham O’zLiDePning barcha darajadagi kengashlari va boshlang‘ich tashkilotlari, deputatlar, faollar bilan birgalikda faol ishtirok etdi, targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazib, takliflar olish ishlarini amalga oshirdi.

Hisobot davrida Konstitutsiya isloh qilinishiga bag‘ishlangan 7 ming 22 ta tadbirlar o‘tkazilib, ularda qariyb 275 mingga yaqin kishi qatnashganini ham qayd etish zarur. Tadbirlar davomida 8 mingdan ortiq takliflar bildirilgan bo‘lib, partiya hududiy ishchi guruhlari tomonidan 5 mingdan ortiq taklif Respublika partiya ishchi guruhiga yuborilgan. Mazkur takliflarning 2 719 tasi Konstitutsiyaviy komissiyaga kiritildi. Ta’kidlash joizki, Konstituyaviy o‘zgartirishlar bo‘yicha qonun loyihasining xalq vakillarining fikrini inobatga olgan holda referendumga olib chiqilganidan so‘ng partiya mazkur bosqichda ham faol ishtirok etadi.

Yig‘ilishda Yangi O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan O'zLiDePning chora-tadbirlar rejasi ijrosi ham tanqidiy-tahliliy sarhisob qilindi.

Partiya Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengash deputatlari, partiya xodimlaridan iborat 21 ta Respublika ishchi guruhi hamda 315 ta hududiy ishchi guruhlari tuzilgan bo‘lib, jamoatchilik va deputatlik nazorati bo‘yicha 1900 dan ortiq davra suhbatlari, eshituvlar, amaliy seminarlar o‘tkazildi.

Partiya ishchi guruhlari tomonidan hududlar kesimida joylarda tadbirkorlik (oilaviy tadbirkorlik)ni rivojlantirish, 200 ta yangi sanoat zonalarini tashkil etish, biznes-inkubatorlar tizimini rivojlantirish, Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan omillarni o‘rganish, qishloq xo‘jaligiga intensiv rivojlanish mexanizmlari, fermer va dehqonlarning daromadlarini oshirish yo‘llarini joriy qilishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqish, investitsiyalarni jalb qilish holati ustidan doimiy monitoringni yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.

Unga ko‘ra partiyada tashkil qilingan “CALL-CENTER”ga jami 353 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 260 tasi tadbirkorlarning muammolarini hal etishda ko‘maklashish yuzasidan bo‘lsa, 93 tasi biznes muhitini yaxshilash borasida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar hisobiga to‘g‘ri keladi. Mazkur murojaatlar tegishli vazirliklarga jo‘natilib, hal qilish choralari tizimli olib borilyapti.

Taraqqiyot strategiyasining ijtimoiy sohani amalga oshirish ya’ni xotin-qizlar va yoshlar masalasi ham eng muhim yo‘nalishlardan biri sanaladi. Bu borada joylarda, ayniqsa eng chekka qishloqlarda “Bugunning tadbirkor ayoli”, “Mening biznes g‘oyam”, “Namunali tomorqachi ayol-farovonlik bunyodkori!”, “Bir deputat - yuz ayolga ko‘makchi!”, “Men ham tadbirkor bo‘laman” kabi bir qator partiyaviy loyihalar hamda tadbirkorlik sub’ektlariga biznes turlar tashkil qilindi. Bu orqali ishsiz xotin-qizlar, yoshlar turli kasb-hunarlarga o‘qitilib, o‘z bizneslarini boshlashdi va bandligini ta’minlashga erishildi.

Bundan tashqari “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar bilan tizimli ishlar tashkil qilinib, bu borada mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ustidan jamoatchilik va deputatlik nazorati o‘rnatildi.

Yig‘ilishda davlat boshqaruvi, ta’lim, tibbiyot, ma’naviyat va umumbashariy muammolar yo‘nalishida ham partiya ishchi guruhlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Yig‘ilishda ishchi guruhlar tomonidan amalga oshirilgan bu kabi ijobiy ishlari, yutuqlari bilan bir qatorda kamchiliklar, hali qilinishi lozim bo‘lgan bir qator ustuvor vazifalar turganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda partiya faoliyatiga oid boshqa masalalar ham muhokama qilinib, barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    93
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+