Ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi

16.11.2022, 16:29

Ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi

Yaqinda bir qator Ommaviy axborot vositalarida Bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb qilish bo‘yicha “Finance Inquirer” nashri RGCA xalqaro tadqiqoti natijalari hamda UNICEF, Jahon banki va OECD ma’lumotlari e’lon qilindi. Unda O’zbekiston jahon reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Qayd etilishicha, hisobot 2018 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan maktabgacha ta’limning uzoq muddatli tendensiyalarining umumiy ko‘rinishini qamrab oladi. Tadqiqotda ta’kidlanishicha, O’zbekistonda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning o‘sish dinamikasi 59 foizni tashkil qilgan. Tadqiqotda keltirilgan raqamlar tasodifiy emas.

Chunki, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan qaratilgan katta e’tibor sabab, hatto, pandemiya davrining barcha uchun og‘ir bosqichini hisobga olgan holda ham, sezilarli natijalarga erishildi.

Shu sabab, kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasining aynan Vatanimiz poytaxtida o‘tkazilayotgani, jahon hamjamiyati tomonidan Prezidentimiz rahnamoligida bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarning e’tirof etishidan darakdir, desak yanglishmaymiz.

Unda YuNYeSKO Bosh direktori Odri Azule xonimning shaxsan ishtirok etayotgani ham xalqaro anjumanning nufuzidan darak berib turibdi.

Anjumanda Prezidentimiz so‘zlagan nutq barcha ishtirokchilarni befarq qoldirmadi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida anjuman ishtirokchilari Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yo‘nalishi hisoblangan bolalar ta’limi masalasida yakdil bo‘lib, yangi yondashuvlar va yechimlar ishlab chiqishimizga xizmat qiladi, deb ishonch bildirdi.

Davlatimiz rahbarining nutqini tinglar ekanman, shu yurtda yashayotgan o‘zbek ayoli ekanimdan, shu sohada xalqimga xizmat qilayotganimdan o‘zgacha bir g‘urur-iftixor tuyg‘ularini tuydim.

Chunki, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish, ularning o‘qishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish orqali kelajakda yoshlarning o‘zligini to‘la namoyon etishiga mustahkam zamin yaratyapmiz. Zero, bu kabi ezgu maqsadimiz yo‘lida sarflangan investitsiyalar ertaga bir necha barobar ortig‘i bilan qaytishiga shubha yo‘q”.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, inson umri davomida hayot haqidagi bilimlarining 70 foizini 5-6 yoshigacha o‘zlashtirar ekan. Bola shaxsiyatining asosi aynan maktabgacha ta’lim yoshida shakllanishi, bu davrda uning intellektual va jismoniy kamoloti uchun poydevor yaratiladi.

Yurtimizdagi 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalarga, Prezidentimiz, bizning eng bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorlaridir, deb ta’rif berdilar  hamda “Farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi”, deya alohida ta’kidladilar.

Prezidentimiz o‘z nutqlarida bir qator muhim takliflarni ilgari surdilar.

Prezidentimizning “Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz”, degan gaplari barcha soha xodimlariga juda katta mas’uliyat yuklanganining dalolatidir.

150 ga yaqin mamlakatidan vakillar tashrif buyurgan xalqaro anjuman ham butun dunyoda 2030 yilga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli ta’lim berish yo‘lida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi.

Zero, mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek: “Ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”.

Feruza Soliyeva,

Jizzax viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i,

xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    378
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+