Ishchi guruh: O’zbekiston temir yo‘l transportida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

18.11.2022, 17:55

Ishchi guruh: O’zbekiston temir yo‘l transportida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi, Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda Transport vazirligi bilan hamkorlikda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi.

Ma’lumki bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar qatorida transport korxonalarini ham transformatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Yangi O’zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi asosida qabul qilingan 2022 yil Davlat dasturning 73.4 bandi - “O’zbekiston temir yo‘llari” AJda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, bunda, sohada xususiy yuk tashish operatorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, asosiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan aktivlarni maqbullashtirish, yuk tashish xarajatlarini kamaytirish, yangi servis takliflarini joriy etish vazifasi belgilangan.

Davra suhbati davomida dasturning ushbu bandi ijrosi yuzasidan Transport vazirligi, Moliya vazirligi va “O’zbekiston temir yo‘llari” AJ mas’ul rahbarlari axborotlari tinglandi.

Davlatimiz rahbarining tegishli topshirig‘iga muvofiq hozirda “O’zbekiston temir yo‘llari” AJga temir yo‘l transporti xizmatlari bozoriga xususiy sektorni jalb qilish orqali sohada raqobatni rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini va operatsion samaradorlikni oshirish vazifasi yuklatilgan.

Ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida “DB Engineering Consulting & GmbH”, “Boston Consulting Group” kabi xalqaro konsultantlar bilan katta hajmdagi ishlar olib borildi. Bundan tashqari, bugungi kunda Jahon banki Guruhi konsultantlari jalb qilinib, ular tomonidan O’zbekiston temir yo‘l transporti sektorini isloh qilish stretegiyasi loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu olib borilgan ishlar davomida temir yo‘l xizmatlarini rivojlantirish va xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha asosiy takliflar shakllantirildi.

Hozirda temir yo‘l transportida o‘z vagon parkiga ega yuk tashish uchun vagonlarni taqdim etish xizmatlarini ko‘rsatuvchi xususiy operatorlar mavjud. Biroq, o‘rganishlar natijasida xususiy operatorlarning temir yo‘l transporti xizmatlari bozorida ulushini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan bir necha omillar mavjudligi aniqlandi. Bu masala borasida jalb qilingan konsultantlar tomonidan Transport vazirligi va boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda O’zbekiston Respublikasining tegishli normativ-huquqiy bazasi o‘rganildi va alohida normativ hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.

Bulardan biri O’zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonunidir. Ushu qonunga o‘zgartirishlar kiritilishi transport xizmatlari bozoriga xususiy operatorlarni yanada keng jalb qilish uchun qo‘shimcha sharoit va qulayliklar yaratadi.

O’zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini transformatsiya qilish borasida “O’zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi tomonidan moliyaviy hisobotlarni moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq auditdan o‘tkazish, xaridlar faoliyatini audit qilish uchun “Katta to‘rtlik”ka kiruvchi xalqaro auditorlik tashkilotlari jalb qilindi. Bu esa konsultantlar uchun kompaniya faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilishiga imkon yaratdi.

Qolaversa, kompaniyaning moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida “O’zbekiston temir yo‘llari” AJ asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nosohaviy aktivlarni chiqarish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Bugungi kunga qadar jami 49 ta nosohaviy aktivlar kompaniya tarkibidan chiqarilib, yana 13 tasi ixtisoslashtirilgan vazirlik va idoralarga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Rossiya temir yo‘llari” OAJ va “Transmashxolding” AJdan kompaniyaning ekspluatatsion faoliyatinining operatsion samaradorligini oshirish, yuklarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar olinib, amaliyotga joriy etilishi ortidan dastlabki samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishildi.

Shuningdek, operatsion samaradorlikni oshirish va xizmatlarning ommabopligi ta’minlash maqsadida raqamli dasturlar ishlab chiqildi va joriy qilindi, bulardan biri – “Yagona darcha” tamoyili asosida yuk egalariga yuk tashish xizmatlarini elektron tarzda taqdim etishga qaratilgan avtomatlashtirilgan axborot tizimidir.

Yo‘lovchi tashish xizmatlari sifatini oshirish borasida yo‘lovchi vagonlari parki 1 300 dan ortiq vagonlar modernizatsiya qilinishi hisobiga yangilanishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, shahar atrofi yo‘nalishlarida yo‘lovchilar qatnovini rivojlantirish, temir yo‘l transportining ommabopligini ta’minlash, yangi 8 ta yo‘nalishlarda viloyatlararo yo‘lovchi tashish qatnovlarini ochish maqsadida zamonaviy 34 ta elektro va 6 ta dizelpoyezdlarni xarid qilish bo‘yicha tender e’lon qilindi.

Yaqin kunlarda mamlakatimiz rahbariyati huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishlar doirasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda temir yo‘l transportida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Tadbirda yakunida tomonlar kelgusida ushbu dastur ijrosi yuzasidan o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga hamda jamoatchilik va parlament nazorati ostida olib borishga kelishib oldi.

  • Ko'rildi
    321
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+