Chinozdagi ochiq muloqotda yoshlar deputat Rasul Kusherbayevga qanday savollar bilan murojaat qildi?

21.11.2022, 18:49

Chinozdagi ochiq muloqotda yoshlar deputat Rasul Kusherbayevga qanday savollar bilan murojaat qildi?

Bugun yurtimizda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yoshlarga oid davlat siyosati tizimli ravishda og‘ishmay amalga oshirib kelinmoqda.

Partiya Toshkent viloyat Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalar bilan ishlash bo‘limi hamda O’zLiDeP Chinoz tuman Kengashi tashabbuskorligida o‘tkazilgan “O’zLiDeP yoshlarni birlashtiradi” mavzusidagi faol yoshlar uchrashuvi ham O’zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirish, davlatning yoshlar siyosatini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etildi.

Unda partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, partiya viloyat Kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari viloyat hamda mahalliy Kengashlaridagi partiya deputatlari, yoshlar, ishtirok etishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev hamda yoshlar o‘rtasida kechgan ochiq samimiy ruhdagi uchrashuvda tumanning ijtimoiy hayotiga oid muammolar hamda yoshlar ta’limi masalasi muhokama qilindi.

Deputat Rasul Kusherbayev bildirilgan taklif va murojaatlarga munosabat bildirarkan, hududdagi hal bo‘lishini kutayotgan ijtimoiy muammolarning yechim topishi hanuzgacha dolzarb masala bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Bugungi Chinozning qiyofasini o‘zgartirish, tuman markazini tom ma’nodagi markazga aylantirish uchun yoshlarning ham tashabbuslari yetishmayotganini qayd etdi.

Yoshlar tuman, viloyat rahbarlari va boshqa mutasaddilar oldiga mazkur masalani ko‘ndalang qo‘yishlari lozimligini uqtirdi.

Shundan so‘ng yoshlar bilan ochiq muloqotga kirishildi. Unda murojaatchi yoshlar tomonidan hududdagi ta’lim muassasalarida ta’lim sifatining pastligi, optik tolali internetning barcha mahallalardagi ta’lim dargohlariga bir hilda yetkazib berilmaganligi, maktablarning moddiy texnik bazasi eskirgani, ayrim maktablarga eltuvchi yo‘llarning nosozligi borasidagi kamchiliklarni bartaraf etish lozimligini bildirishdi. Ko‘tarilgan muammolar yuzasidan o‘z yechimlarini ham bayon etishdi.

- “Yoshlarning berayotgan savollaridan ko‘rib turibmizki, joylarda o‘z ijobiy yechimini kutib turgan muammolar haligacha mavjud. Ayniqsa, ta’lim muassasalarida darsliklarning yetishmasligi, ayrim maktablarga sifatli optik tolali internetning hanuzgacha yetkazib berilmagani kabi masalalar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan bog‘lanib, hal etish chorasini ko‘rishni maqsad qilib oldik, - deydi deputat Rasul Kusherbayev. - Optik tolali internetni barcha ta’lim muassaslariga yetkazish va’dasi berildimi? Marhamat qilib, buni bajarib qo‘ysin! Vazirlik va idoralar xalq manfaati uchun bo‘layotgan ishlarni to‘g‘ri qabul qilishadi va qo‘llab-quvvatlashadi, degan umiddamiz!

Tadbirda shuningdek, yoshlar o‘rtasida kiberjinoyatlarning oldini olish, axborot xurujlaridan himoyalanish borasida ham atroflicha tushunchalar berildi.

Shuningdek, ochiq muloqotda tumanda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, istiqbolda tuman markazida qanday ijtimoiy ob’ektlar qurilishiga ehtiyoj borligi, hududga xos dolzarb muammolardan biri  bo‘lgan aholiga toza ichimlik suvini yetkazib yebrish masalasi qay tartibda hal etilayotgani bilan bog‘liq ijtimoiy masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi.

Tadbir yakunida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga zmonaviy kasblarni egallash, axborot texnologiyalarini o‘rganishi, ularni xorijiy tillarga o‘qitish xarajatlarini qoplash uchun o‘quv markaziga yo‘llanma beruvchi sertifikatlar topshirildi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    247
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+