O’zbekiston —Fransiya hamkorligi yanada mustahkamlanadi

23.11.2022, 15:04

O’zbekiston —Fransiya hamkorligi yanada mustahkamlanadi

Jahon tarixida dunyo bilan do‘stona munosabatlarimiz teran ildizlarga ega ekaniga Sohibqiron Amir Temur bobomizning Yevropa qirollari bilan olib borgan muloqotlari, ayniqsa, Fransiya qiroli Karl VI bilan yozishmalari yorqin dalil bo‘la oladi. Xususan, 1402 yilda Karl VI Amir Temur bilan mustahkam siyosiy aloqalarni o‘rnatishga intildi. Ular yozishmalarining bir qismi Fransiya hujjat arxivida saqlanadi. Mazkur maktublarda Amir Temur qirolning Sharqqa nisbatan siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda, o‘z davlati bilan Fransiya o‘rtasida savdo-sotiq yo‘lga qo‘yilishining ahamiyatiga e’tibor qaratadi.

Albatta, ana shu necha-necha asrlardan buyon davom etib kelayotgan do‘stona munosabatlar bugungi kunda yanada yorqinroq namoyon bo‘lmoqda. Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron taklifiga binoan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mazkur mamlakatga amaliy tashrifi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Parijdagi Yelisey saroyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti bilan muzokoralari, davlat rahbarlarining O’zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini va munosabatlarni yuksak darajadagi keng qamrovli sheriklik ruhida rivojlantirishga kelishib olganliklari rasmiy tashrifning muvaffaqiyatli o‘tganidan dalolat berib turibdi.

Albatta, yetakchilar ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yilda ikki tomonlama aloqalar jadal sur’at bilan rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot chuqurlashib, xalqaro tashkilotlar doirasida tomonlar o‘zaro ko‘maklashayotgani, parlamentlararo muloqot kengayganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Keyingi yillarda Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma korxona va loyihalar soni uch barobar ko‘paydi. O’zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning joriy portfeli 5 milliard yevrodan oshdi. Energetika, geologiya-qidiruv, oziq-ovqat sanoati va savdo sohalarida «Total Eren», «Veolia», «EDF», «Orano», «Lactalis», «Carrefour» va «Shiever» kabi xalqaro miqyosdagi kompaniyalarning o‘zaro manfaatli faoliyati qayd etildi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishning ahamiyatiga e’tibor qaratilib, tomonlar Samarqandda Fransiya alyansining bo‘linmasi ochilishini qo‘llab-quvvatladilar hamda joriy yil 27-28 noyabr kunlari Parijda ikkinchi O’zbekiston-Fransiya ta’lim forumining o‘tkazilishini olqishladilar. Fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Ikki davlat yetakchilari O’zbekistonning madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlab Luvr muzeyida “O’zbekiston vohalarining mo‘‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” va Arab dunyosi institutida “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘‘jizalari” ko‘rgazmalari ochilishini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Quvonarli tomoni shundaki, dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan biri – Fransiya bilan O’zbekistonning teng huquqli davlat sifatida bir-biriga do‘stona qo‘l uzatishi, o‘zaro iqtisodiy hamkorliklarning yo‘lga qo‘yilishi bu yurtimiz istiqbolini yanada nurafshon bo‘lishidan dalolat beradi. Zotan, bugun Yangi O’zbekistonga dunyo quchoq ochmoqda.

 Barno Mirzamova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    157
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+