ДХШ лойиҳаларини амалга оширишда қонунбузилиш ҳолатларини олдини олишда жамоатчилик назоратини ўрнатиш лозим

23.11.2022, 17:45

ДХШ лойиҳаларини амалга оширишда қонунбузилиш ҳолатларини олдини олишда жамоатчилик назоратини ўрнатиш лозим

“OʻzLiDeP PRESS KLUBI”ning navbatdagi sessiyasida davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishida Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar hamda “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

Press-klubda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

2022 - 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish yuzasidan ko‘plab vazifalar belgilangan. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishning qonuniy asoslari yaratilgan.

2019-2021 yillar va joriy yilning yanvar-sentabr oylarida umumiy qiymati 12,4 mlrd.dollardan ortiq bo‘lgan 423 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha ishlar olib borilgan.

O’zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirilgan ma’lumotlarga asosan umumiy qiymati
23 trln.so‘mdan ortiq bo‘lgan 352 ta loyihalar bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolangan.

Ushbu bitimlarning 6 tasi 10 mln.dollardan ortiq bo‘lgan, 59 tasi 1 mln.dollardan 10 mln.dollargacha bo‘lgan va 287 tasi
1 mln.dollargacha bo‘lgan loyihalarni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, bugungi kunga qadar davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 21 mingga yaqin maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil qilinib, qo‘shimcha 600 mingdan ortiq qo‘shimcha quvvat va 55 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

2022-2026 yillarda taraqqiyot strategiyasi doirasida energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya, kommunal xizmatlar, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarga qiymati qariyb 14 mlrd.dollardan ortiq bo‘lgan 154 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Jumladan, energetika sohasida 11 ta, transport sohasida 5 ta, kommunal xizmatlar sohasida 3 ta, sog‘liqni saqlash sohasida 3 ta, ta’lim sohasida 6 ta, ekologiya sohasida 33 ta, suv ho‘jaligi sohasida 33 ta, boshqa ijtimoiy sohalarda 60 tani tashkil etadi.

Press klub davomida davlat-xususiy sheriklik loyihalarni amalga oshirishdagi muammolar va ularning yechimlari atroflicha muhokama qilindi.

Bunda, DXSh loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini soddalashtirish, sohaga xalqaro moliya institutlari hamda xususiy sektorni keng jalb qilish, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy muammolarni hal etish maqsadida mahalliy hokimliklarning faolligini oshirish, hududlarda DXSh loyihalarini amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish tizimini joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, DXSh loyihalarini amalga oshirishda qonunbuzilish holatlarini oldini olish, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash hamda hal etishda ko‘maklashish maqsadida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish zarurligi ham ta’kidlandi.

Ishtirokchilar tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan DXSh loyihalari shaffof holatda yagona portalga joylashtirilishi, bunda hududlarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan kichik loyihalarning ulushini yuqori bo‘lishi takliflari bildirildi. 

Tadbir yakunida O’zLiDeP deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari hamda partiya faollari bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, qonunchilikni takomillashtirish, sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini jadallashtirish va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga kelishib olindi.

  • Ko'rildi
    281
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+