Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi

24.11.2022, 12:02

Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi. Xususan Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Asosiy qonunimizni takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Qonun loyihasining umumxalq muhokamasi ikki oydan ziyod vaqt mobaynida aholining barcha qatlamlarini qamrab olgan holda, ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida tashkil etildi.

Deputatlar tomonidan hududlarga chiqilgan holda qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilikka tushuntirildi.

Fraksiya a’zolari tomonidan berilgan bir qator takliflar Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z ifodasini topdi. Ya’ni, loyihada endi davlatning o‘zi mulkdorlarning mulk huquqini ishonchli himoya qilinishini o‘z zimmasiga olishi, bu borada davlat tadbirkorlikni rivojlantirish va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishi mustahkamlab qo‘yildi.

Yig‘ilishda Konstitutsiyaning o‘zi xalqning ruhiyati, tafakkuri va dunyoqarashi bilan sug‘orilgan bo‘lishi lozimligi, shundagina u xalqchil Konstitutsiya bo‘lishi, xalqimiz tomonidan berilgan takliflar so‘zsiz konstitutsiya normalarini yanada boyitishi qayd etildi.

Hozirda har ikkala fraksiya a’zolari qonun loyihasini maromiga yetkazish ishlari bilan band ekanligi ta’kidlandi.

Qo‘shma yig‘ilishda qonun loyihasi yuzasidan o‘z pozitsiyalarini bildirib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha O'zLiDeP hamda “Milliy tiklanish” DP fraksiyalari oldida turgan asosiy vazifalar belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    125
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+