Mahalla tizimida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi

24.11.2022, 17:13

Mahalla tizimida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi

O’zLiDeP Toshkent shahar Kengashi qoshida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan mahallalarning «o‘sish nuqtalari» va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda O’zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi, o‘rinbosarlari, xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlari, Ishchi guruhi a’zolari, ekspertlar, mutaxassislar, mahalla raislari ishtirok etdilar.

Mamlakatimizda adolatli fuqarolik jamiyatini qurishda mahallaning o‘rni beqiyosdir. Ma’lumki, Toshkent shahrida 12 ta tuman, 579 ta mahalla, 701 ming 831 ta xonadon, 933 ming 370 ta oila, 2 mln 887 ming 989 ta aholisi mavjud.

Endilikda har bir mahalla o‘z madaniy markazini qurib, shu yerda choyxona, nonvoyxona, oziq-ovqat do‘koni, sport maskaniga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik markaziga aylanib bormoqda. “Har bir oila - tadbirkor” g‘oyasi izchillik bilan hayotga tatbiq etib borilmoqda.

O’tgan davrda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 16 401 nafar yoshlar bandligi ta’minlangan. Shuningdek, 1 398 nafar yoshlar “1+1” dastur doirasida tadbirkorlarga biriktirilgan, 3 981 nafari kasb-hunarga o‘qish uchun yo‘naltirilgan, 8 149 nafar o‘z-o‘zini band qilgan. Bundan tashqari, jami 5 446 nafar yigit-qizlarga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan 44 mlrd 31 mln so‘m pul mablag‘i ajratildi. Muammo va takliflarni o‘rganish bo‘yicha “Yoshlar daftari” platformasiga onlayn ariza topshirish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masallari bo‘yicha tuman hokimining yordamchisi institutining samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishda partiyamizdan saylangan deputatlar, partiya faollari o‘zlarining salmoqli xissalarini qo‘shmoqdalar.

Tadbirda amalga oshirilayotgan bu kabi ishlarda deputatlarning ham faollik ko‘rsatishi aytib o‘tildi.

  • Ko'rildi
    238
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+