Ozarbayjondagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlaydigan eng yirik kompaniya bilan uchrashuv o‘tkazildi

24.11.2022, 18:10

Ozarbayjondagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlaydigan eng yirik kompaniya bilan uchrashuv o‘tkazildi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 20-22 noyabr kunlari O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib, bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar doirasida O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov “Azersun Holding” kompaniyalar guruhi Bosh direktori, Ozarbayjon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari Assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari Muhammad Go‘zal bilan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda O’zbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonasi birinchi kotibi Bahrom Gaipov ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Muhammad Go‘zal “Azersun Holding” kompaniyalar guruhi to‘g‘risida to‘xtaldi. Mazkur xolding Ozarbayjondagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlaydigan eng yirik shirkat hisoblanadi. Xoldingning 20 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari, 35 gektar issiqxonalari, 4 ta chorvachilik fermasi, kombikorm, sut, shakar, muzlatilgan mahsulotlar ishlab chiqaradigan shirkatlari mavjud. 2021 yildan boshlab paxta yetishtirishni boshlagan. O’tgan yili 1 gektardan 30 tsenter paxta hosili olishga erishgan. Kompaniya 5000 ga yaqin fermer bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.

Kompaniya Ozarbayjon Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan fermerlarga berilgan imtiyoz va subsidiyalardan keng foydalanib kelmoqda hamda har yili 2-3 tadan yangi loyihalarni amalga oshiradi.

Kompaniya yetakchisi O’zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlanishini ijobiy baholadi hamda yaqin kelajakda O’zbekistonga borishi va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bilan tanishish niyati borligini bildirdi. U O’zbekistondan har yili 300-400 tonna qizil shirin qalampir, mayiz hamda boshqa quritilgan mevalarni katta miqdorda, shuningdek, yerda yetishtirilgan kolibrovkasi 5 sm.gacha bo‘lgan bodringni import qilishga qiziqishini bildirdi.

Bundan tashqari mineral o‘g‘itlar, jumladan, azot o‘g‘itidan tashqari fosforli, kaliyli, oltingugurtli o‘g‘itlarni import qilish niyati borligini aytib o‘tdi.

Muloqot jarayonida A.Xaitov O’zbekiston korxonalari bilan hamkorlikda ishlash imkoniyatlari haqida to‘xtaldi. O’zbekistonda korxona ochib, mahsulotlarni joyida qayta ishlash niyatida bo‘lsa, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini bildirdi. Ular bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

  • Ko'rildi
    310
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+