Xotin-qizlar huquqlari qonun himoyasida

25.11.2022, 16:56

Xotin-qizlar huquqlari qonun himoyasida

O’zLiDeP Toshkent shahar Kengashi “Ayollar qanoti” hamda O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamkorligida “Farovon oila” loyihasi doirasida 25 noyabr - Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan “Xotin-qizlar huquqlari qonun himoyasida” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulshana Xudoyarova, O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti Tarix fanlari doktori, professor Dilorom Bobojonova, O’zLiDeP Toshkent shahar Kengashi Ayollar bilan ishlash bo‘limi mudiri Umida Marupova o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, umuman olganda, respublikamizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatini amalga oshirishda huquqiy asos yaratilganligi, davlatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlarni jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelayotganligiga alohida ahamiyat qaratishdi. 

Shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ko‘rsatilgan maqsadlar ijrosini ta’minlashda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashning mexanizmlari aniq belgilab berilganligi ta’kidlandi.

Qonunlarni qabul qilinishi jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish bilan birga, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni ta’minlash, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda jamiyatimizning qaysi jabhasiga qaramaylik xotin-qizlarimiz erkaklar bilan tengma-teng, yelkama yelka bo‘lib faoliyat olib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bu esa yurtimizda ayollarga izzat-ehtirom ko‘rsatish nafaqat millatimizga xos qadriyat, balki davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganligining yaqqol ifodasidir.

Tadbir davomida talaba qizlar bilan psixologik trening ham o‘tkazildi. Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, ayollar qadrlangan yurtda ular doim e’zozda, hurmatda bo‘ladi. Davra suhbati yakunida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z savollariga atroflicha javoblar oldilar.

  • Ko'rildi
    549
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+