Uzunlik yoshlarga jamg‘armadan 1 mlrd. 556,1 mln. so‘m mablag‘ sarflandi

25.11.2022, 16:58

Uzunlik yoshlarga jamg‘armadan 1 mlrd. 556,1 mln. so‘m mablag‘ sarflandi

Uzun tumanida 170 ming aholi istiqomat qiladi. Ularning 50 ming nafardan ortig‘i yoshlar. Xo‘sh, ularni kasb-hunarli, ishli qilish uchun yoki boshqa muammolarini hal etish uchun qanday ishlar amalga oshirildi? Xalq deputatlari Uzun tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi eshituvida tuman Yoshlar ishlari agentligi mutaxassisi G’anisher Nozimov ushbu savollarga javob berdi. U tumanda yoshlarga oid davlat siyosatining qay darajada ijrosi ta’minlanayotgani bo‘yicha deputatlarga hisobot berdi.

Aytish kerakki, hududda yoshlar uchun IT-markazidan tortib kutubxona, maktablar, texnikum, kollej, madaniyat markazi va istirohat bog‘igacha faoliyat yuritmoqda. Yoshlar daftarida esa 1105 nafar o‘g‘il-qiz kiritilgan bo‘lib, ularning 945 nafariga yordam berildi. Jumladan, 150 nafarining safarbarlik chaqiruv rezervi to‘lovlari to‘lab berilgan bo‘lsa, 54 nafari ishga joylashtirildi. Yana 21 nafariga hunar o‘rganib, o‘zini o‘zi band qilishi uchun asbob-uskuna olib berildi. 449 nafar yosh emas yer olib, dehqonchilik qilishmoqda. Bundan tashqari, haydovchilik, tikuvchilik kurslarida o‘qib, o‘z yo‘lini topib ketganlar ham yo‘q emas.

Yoshlar jamg‘armasiga kelsak, 2021 yildan qolgan mablag‘ jami 1 mlrd 614,2 mln. so‘mni tashkil etgan. Bugungi kunga qadar esa shundan 1 mlrd. 556,1 mln. so‘mi daftarga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflandi. Misol uchun, to‘lov kontraktlari uchun 160 mln. so‘m, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun esa 10,12 mln. so‘m, bir martalik yordam uchun 20,2 mln. so‘m, zamonaviy kasblarga o‘qitish uchun 23,2 mln. so‘m, asbob-uskuna uchun 69 mln. so‘m, safarbarlik chaqiruv rezervi to‘lovi uchun 261,0 mln. so‘m mablag‘ sarflandi.

Deputatlar jamg‘arma mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha savollariga javob olishgach, bu boradagi o‘z takliflarini ham bildirishdi.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    63
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+