Eksport – taraqqiyotimizni jadallashtiruvchi muhim omil

25.11.2022, 17:06

Eksport – taraqqiyotimizni jadallashtiruvchi muhim omil

Iqtisodiyotimiz rivojiga, demakki, xalqimiz farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biri tashqi savdo-tijoriy faoliyat, eksportdir.

Mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyat yo‘nalishida ham tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratish, respublikamiz eksport salohiyatidan to‘la foydalanish uchun, ayniqsa, keyingi yillarda ko‘p ishlar qilindi.  Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirishga oid davlat dasturining 28-maqsadida yurtimizning eksport salohiyatini oshirish borasida talay vazifalar belgilangani e’tiborga molik.  O’zLiDeP ana shu vazifalar bajarilishiga ham ko‘maklashish, ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha qizg‘in faoliyat olib boryapti.

Kecha partiya Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasida  “Tadbirkorlik sub’ektlari eksport salohiyatini oshirish – taraqqiyotimizni jadallashtiruvchi muhim omil” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

40 dan ziyod ishbilarmon qatnashgan tadbirni  O’zLiDeP Toshkent shahar kengashi raisi Ravshan Fozilov olib bordi.

Partiya Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilshod Shoumarov  o‘zbek brendlari va mahsulotlarini xorijda targ‘ib qilish bo‘yicha «Made in Uzbekistan» dasturining amalga oshirilishi, eksport qiluvchi tashkilotlarga mamlakatimiz va  xorijda standartlashtirish va sertifikatlashtirishning xalqaro tizimlari joriy etilishi haqida gapirdi.

O’zbekiston iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov  milliy mahsulotlarni xorijga eksport qilish bo‘yicha respublika idoralari, viloyatlar va tumanlar, shaharlar hokimliklari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash hamda eksport qiluvchilar uchun imtiyozlar va preferensiyalar, vakolatli davlat hokimiyati organlarining vazifalari va funksiyalari to‘g‘risida so‘z yuritdi.

“Bergland invest S.A.” kompaniyasining O’zbekistondagi vakolatxonasi bosh vakili, Hindiston,  Turkiya bilan ilk o‘zbek qo‘shma korxonalari asoschisi Alisher Xodjayev    xorijiy xaridorni izlash, eksport kontrakti tuzish, muzokaralar jarayoni, marketing, narx belgilash, transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati, soliq va bojxona ma’muriyatchiligi, chet el bozorlariga kirish prinsiplari va boshqalar to‘g‘risida tadbirkorlarga maslahatlar, yo‘l-yo‘riqlar berdi, savollarga javob qaytardi.

Behzod Isroilov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimi

  • Ko'rildi
    197
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+