Ohangarondagi korxonada deputat ayollar bilan ochiq muloqotda bo‘ldi

28.11.2022, 15:18

Ohangarondagi korxonada deputat ayollar bilan ochiq muloqotda  bo‘ldi

So‘nggi yillarda yurtimiz ayollari xalqimizning, millatimizning oltin fondi, deya e’tirof etilib, ularning og‘irini yengil qilish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilindi. Buning natijasida xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni ta’minlashda olib borilayotgan ishlar ko‘lami tobora ortib, opa-singillarimiz har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, jamiyat hayotidagi o‘rni va mavqei mustahkamlanmoqda.

O’zLiDeP ham davlatimizning ushbu yo‘nalishdagi siyosatini faol qo‘llab-quvvatlash ishida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Mavluda Ibragimova, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Sevara Muslimova, partiya Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Diyora Boltayeva bilan birgalikda Ohangaron tumanidagi “OHANGARON RUSTAM AGRO” ko‘ptarmoqli mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lishdi.

Sabzavotlar, xo‘l mevalar, parranda va mol go‘shti, sut mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash, asalarichilikka mo‘ljallangan korxonada bo‘lgan ishchi guruh a’zolari bu yerda mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan ochiq muloqot qildi. Ayollarga yaratib berilgan mehnat sharoitlarini ko‘zdan kechirishdi. 100 dan ortiq korxona ishchilari yaqin atrofdagi “Uvak” hamda “Alisher” mahallalaridan chiqib, bu yerda faoliyat yuritib kelishayotganining guvohi bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Ibragimova korxonada mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan kechgan o‘zaro suhbat asnosida bugun yurtimizda ayollarga berilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar xususida fikr yuritdi. Partiya loyihalari doirasida qator ibratli va xayrli ishlar amalga oshirilishi natijasida ijtimoiy ko‘makka muhtoj, uy-joysiz, kasb-hunari yo‘q, tibbiy yordamga ehtiyoji bo‘lgan, imkoniyati cheklangan opa-singillarimizga yaqindan ko‘maklashib kelinayotgani haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, partiya xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday turiga qarshi murosasizlik bilan kurashayotganiga ham alohida to‘xtaldi. Bu sa’y-harakatlarning hammasi yurtimizda ayollarga qulaylik, imkoniyat hamda g‘amxo‘rliklar yaratib berish, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirishni ko‘zlaganini ta’kidladi.

Partiya vakili Sevara Muslimova esa bugun jamiyatimizda ildiz otgan ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasizlik ruhini shakllantirish lozimligi xususida to‘xtalarkan, bunda o‘g‘il bola tarbiyasida ayol, ona, opa, singilga bo‘lgan hurmat madaniyatini oshirish kerakligini alohida uqtirdi. Vatanimizning ulug‘ allomalar beshigi bo‘lishida avliyolarni dunyoga keltirib, tarbiyalagan, ulug‘vor ishlarga ruhlantirgan fozila ayollarimizning jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish ishida barcha birdek mas’ulligini ta’kidladi. Bugun joylardagi partiya tashkilotlari faollari ham bu borada xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik ko‘mak berib kelishayotgani haqida so‘zladi.

Muloqotda korxonada mehnat qilayotgan xotin-qizlar yurtimizda ayollarga berilayotgan e’tibor tufayli, farovon turmush kechirishayotgani, g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishlari uchun yetarli sharoitlar mavjudligini bildirib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

O’zaro samimiy, ochiq muloqot so‘nggida partiya saflarida birlashishni istagan korxona xodimlariga partiyaning a’zolik guvohnomalari, esdalik sovg‘alari ham topshirildi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

 bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    288
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+