O’zLiDeP konstitutsiyaviy islohotlarga xalqimiz, partiyamiz elektorati talab-istagidan kelib chiqqan holda yondashyapti

29.11.2022, 12:53

O’zLiDeP konstitutsiyaviy islohotlarga xalqimiz, partiyamiz elektorati talab-istagidan kelib chiqqan holda yondashyapti

Mamlakatimizda xalqimiz kelajagi, aytish mumkinki, taqdiriga daxldor muhim jarayon kechyapti – Konstitutsiyamizni takomillashtirishga qaratilgan ishlar davom etyapti. Mazkur sa’y-harakatlar “Inson qadri uchun”, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu, ustuvor g‘oyalar asosida olib borilayotgani alohida e’tiborga molik.

Konstitutsiyamizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlar o‘zaniga moslashtirish mamlakatimizdagi o‘rta sinfning asosini tashkil qiluvchi siyosiy kuch – O’zLiDeP elektorati manfaatlariga to‘la mos. Bu borada olib borayotgan sa’y-harakatlarimizdan ko‘zlangan maqsad – Bosh qomusimizni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirishga munosib hissa qo‘shishdir.

Ma’lumki, konstitutsiyaviy islohotlarni boshlash tashabbusi O’zLiDeP va “Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan edi. Partiyamiz tomonidan konstitutsiyaviy qonun loyihasi tayyorlanishidan avval  tashkil etilgan targ‘ibot tadbirlari davomida 8 mingdan ortiq taklif bildirilgan bo‘lib, ulardan 2 ming 719 tasi Konsutsiyaviy komissiyaga taqdim etildi.

Konstitutsiyamizga kiritilishi mo‘ljallanayotgan ayrim o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyatiga qisqacha to‘xtalish joiz. Yangilanayotgan konstitutsiya loyihasining 36-moddasida “Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli”ligi, shuningdek, 53-moddada qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaxshilash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishi, o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlashi, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanishi hamda monopolistik faoliyat qonun bilan tartibga solinishi va cheklanishi belgilandi. Bu normalarning Konstitutsiyaga kiritilishi tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Partiyamiz tadbirkorlikni jadal va keng miqyosda rivojlantirishni, qanchalik murakkab bo‘lmasin, juda zarur va  o‘ta muhim vazifa, deb hisoblaydi. Chunki  mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishdan butun jamiyatimiz manfaatdor. Tadbirkorlikning keng quloch yozishi butun xalqimiz farovonligini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratadi. Zero, bugun O’zbekistonda jamiyatning yangi ijtimoiy qatlami – mulkdorlar sinfi vujudga keldi. Binobarin, qonun loyihasini Yangi O’zbekiston Taraqqiyot strategiyasi, jumladan, mamlakatda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar yo‘nalishlari bilan hamohangligini ta’minlash nuqtai nazaridan  ham takomillashtirish maqsadga muvofiq. Xususan, xususiy mulk va tadbirkorlikni himoya qilish, iqtisodiyotda davlatning tartibga soluvchi rolini kuchaytirish ehtiyoji ham qonun loyihasi qayta ishlanishini taqozo qilyapti.

Mushohada qilib ko‘raylik, bugungi kunda O’zbekistonda
1,5 millionga yaqin tadbirkor faoliyat yurityapti. Ishbilarmonlar tasarrufidagi korxonalarda esa 5 milliondan ziyod kishi mehnat qilyapti. Ya’ni, xususiy sektor manfaatlari, haq-huquqlarini himoyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash g‘oyat muhim, jamiyat va davlat barqarorligi,  taraqqiyotiga daxldor dolzarb masala bo‘lib qolayotir.  Iqtisodiyotda davlatning tartibga soluvchi roli takomillashtirilishi  monopoliyaga chek qo‘yish, sog‘lom raqobatni rivojlantirish va boshqa ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga turtki beradi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar katta ishning boshlanishi. Ularni hayotga tatbiq etish davlat boshqaruvi organlari zimmasiga juda katta vazifalarni yuklaydi. Bu esa, o‘z navbatida, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishni talab etadi. Shu bois O’zLiDeP va uning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi bu boradagi ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlarini aniqlashtirish, ularni optimallashtirish, parlament va hukumat, shuningdek, boshqa organlarning o‘zaro munosabatini aniqlashtirish bo‘yicha loyiha ustida yanada mukammalroq ishlashimiz lozim.

Biz mazkur islohotlarning natijasiga birinchi galda xalqimiz va asosiy elektoratimiz – tadbirkor va fermerlarning talab-istagidan kelib chiqib yondashyapmiz. Elektoratimiz, avvalo, Konstitutsiyamizda davlat boshqaruvi va uning mahalliy organlarining tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvidan himoya qilishi, mamlakatimiz ichki bozorlarida real raqobat muhiti kuchayishi tarafdori. Bu esa mamlakatimiz aholisi barcha qatlamlari manfaatlari va orzu-istaklariga  hamohangdir.  Yangilanayotgan konstitutsiya xalqchil bo‘lishining, isloh qilingan Asosiy qonunni har bir fuqaro “bu – mening Konstitutsiyam” deb qabul qilishining birlamchi sharti ham shu.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri

o‘rinbosari – O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    142
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+