Buxorodagi Prezident maktabida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi

01.12.2022, 14:23

Buxorodagi Prezident maktabida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonova, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Siyosiy ta’lim markazi rahbari Nasimjon Alimov, partiya viloyat Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Bobomurod Ochilov, mahalliy Kengash deputati Nargiza Dilovalar bilan birga Buxoro shahridagi Prezident maktabida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ishtirok etdilar. Shuningdek, ushbu bilim dargohidagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, maktab pedagogik jamoasi va o‘quvchi yoshlar bilan suhbatlashdilar. 

Ushbu maktab ikki gektar hududda zamonaviy loyiha asosida qurilgan bo‘lib, 168 o‘ringa mo‘ljallangan. Ikki qavatli o‘quv binosi, uch qavatli yotoqxona, barcha sharoitlarga ega mehmonxona, gimnastika va sport zallari, suv havzasi, oshxona va dars tayyorlash xonalari o‘quvchi-yoshlar ixtiyorida. Maktabda o‘quv jarayoni Cambridge Assessment ta’lim tashkilotining dasturi asosida olib boriladi. Mahalliy o‘qituvchilar bilan bir qatorda Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, AQSh kabi xorijiy davlatlardan yuqori malakali o‘qituvchilar bu maktabga taklif etilgan. 2021-2022 o‘quv yilida bu yerda o‘qish istagini bildirib 6 ming nafardan ortiq talabgor o‘g‘il-qizlar ikki bosqichli sinovdan o‘tkazilib,  ulardan  168 nafari saralab olingan.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezident maktabida iqtidorli, intiluvchan o‘g‘il – qizlarning zamonaviy bilimlarni chuqur egallashlari, kelajakda yurt ravnaqi yo‘lida kuch – g‘ayrati, shijoatini ayamaydigan fidoyi farzandlar bo‘lib yetishishlari uchun barcha shart – sharoitlar muhayyo.

Prezident maktabi o‘quvchilari va pedjamoa ishtirokida  o‘tkazilgan suhbati davomida muhim siyosiy jarayon-saylovlarda deputatlikka kimlar saylanishi xususida, O’zLiDeP dasturiy maqsad- vazifalarining viloyatdagi ijrosi yuzasidan atroflicha fikrlar almashildi. Tadbirda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning “2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi” ning viloyatdagi ijrosi xususida ham so‘z bordi. Taraqqiyot strategiyasida mamlakatimiz ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bog‘liq ustuvor vazifalar yuzasidan fikrlar almashildi. 

O’quvchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.

  • Ko'rildi
    297
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+