Aholi muammolari "xonadonbay" o‘rganildi

02.12.2022, 15:19

Aholi muammolari

Xalq bilan yaqindan muloqotda bo‘lmasdan, odamlar ichiga kirmasdan turib, joylarda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga, mavjud muammolarga, keng jamoatchilik o‘y-fikrlariga baho berib bo‘lmaydi.

Shu ma’noda, bugun deputatlar ijtimoiy va iqtisodiy soha ob’ektlari, mahallalar, aholi xonadonlariga tashrif buyurib, xalq bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazyapti, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan suhbatlashyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Otaxonovaning Asaka tumanida saylovchilar bilan o‘tkazgan muloqotlari amaliy natijalarga boy bo‘ldi.

Dastlab xalq vakili tuman tibbiyot birlashmasida bo‘lib, muassasa tasarrufidagi markaziy shifoxonada faoliyat olib borayotgan shifokorlar bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlar, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilgan yangi normalar haqida ma’lumotlar berildi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Xalq vakili uchrashuvlari chog‘ida tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi markaziy shifoxonada «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Shifohona bog‘iga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekilishida qatnashdi.

Deputat O.Otaxonova shuningdek, tuman hokimi o‘rinbosari, yoshlar yetakchisi va boshqa mutasaddilar bilan birga "Ulug‘bek" MFYda yashovchi birinchi guruh nogironi Xafizaxon Mirzajonova hamda "Ergashobod" MFYda yashovchi Obidjon Madaminovlar xonadonida bo‘lib, ular holidan xabar oldi.

—Deputatlarning joylardagi ushbu faoliyati aholi va saylovchilarni o‘ylantirayotgan, jamiyat oldida turgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish imkonini beryapti, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O.Otaxonova.

Shuningdek, quyi palata deputati O.Otaxonova tumandagi bir qator mahallalarda bo‘lib, aholi bilan muloqotlar o‘tkazdi, fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan barcha masalalarni hal etish choralarini ko‘rdi.

  • Ko'rildi
    368
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+