Muboraklik gazchilar bilan muloqot qilindi
02.12.2022, 18:31

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov vohaning yirik sanoat gigantlaridan biri bo‘lgan Muborak gazni qayta ishlash zavodida bo‘ldi. Zavod direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Shermat Shamsiyev partiya rahbariga mehnat jamoasi amalga oshirayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.
Korxonada bir kecha-kunduzda 48 706 ming m3 tabiiy gaz, 840 tonna suyultirilgan gaz, 226 tonna gaz kondensati, 686 tonna oltingugurt mahsuloti ishlab chiqariladi. Ayni paytda 3100 nafar ishlovchilarning bandligi ta’minlangan. Yaqin yillarda siquv kompressorlar stansiyasi gaz haydash agregatlaridan chiqayotgan yongan gazlaridan ajralgan issiqlik energiyasi hisobiga elektr energiya ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Sanoat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik texnikasi va atrof-muhit xavfsizligi masalalariga katta e’tibor beriladi. Zavodda xalqaro standartlar ISO 45001 xavfsizlik texnikasi va mehnat muhofazasi menejmenti tizimi, ISO 14001 ekologik menedjment tizimi, ISO 50001 energiya menejmenti, ISO 9001:2015 halqaro standarti tizimlari joriy qilingan. Ichki va tashqi bozorga eksport qilish uchun yuqori sifatli hamda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnik yangilashga asosiy e’tibor qaratilayotir.
- Yangi yil arafasida ishga tushiriladigan markazimizda vohamizdagi neft va gaz sanoati korxonalarida faoliyat yuritayotgan yosh, istiqbolli kadrlarni malakasi oshirish rejalashtirilmoqda, - deydi UNG “Muborak GQIZ” Intellektual yoshlar markazi boshlig‘i, O’zLiDeP tuman kengashi deputati Aktam To‘rayev. - Undan yoshlarimiz va tizim xodimlarining sohaga oid bilimlarini muntazam ravishda oshirib borishlari uchun texnik kitoblar va badiiy adabiyotlar jumladan, elektron va QR kodli adabiyotlar bilan boyitilgan zamonaviy kutubxona o‘rin olgan. Ularga xorijiy neft va gaz korxonalari bilan onlayn tajriba almashishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi. Korxona yoshlarini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida faol ishtirokini ta’minlashda ko‘maklashish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni izchil davom ettirish borasida ham keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Muzeyimizdan zavod maketi va zavodning kechagi va bugungi kunini aks ettiruvchi eksponatlar o‘rin olgan. 300 o‘rinli faollar zali ishlovchilar xizmatida. Erishilayotgan yutuqlarga ming nafar maslakdoshlarimiz ham munosib hissa qo‘shmoqdalar.
- Zavoddan chiqayotgan zaharli suvlarni zararsizlantirish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish kerak, - dedi Aktam Xaitov. - Buning uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadga muvofiqdir. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida zavod hududida 4000 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilganligi yaxshi. Ammo korxona atrofidagi kengliklarga ham mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilsa, tabiat musaffoligini ta’minlashda yaqindan yordam bergan bo‘lardi. Buning uchun malakali mutaxassislar, olimlarni jalb etib, cho‘l hududidagi iqlimga mos, suvsizlik va garmselga chidamli daraxt ko‘chatlarini topish kerak. Saksovulzorlarni ham ko‘paytirish bugunning eng dolzarb vazifasi bo‘lib turibdi.
Spiker o‘rinbosari zavod ishlovchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Ular bilan muloqot chog‘ida qonunchilikdagi yangiliklar, xususan, yaqinda qabul qilingan yangi Mehnat kodeksi hamda konstitutsiyaviy islohotlar haqida ma’lumot berdi.
O'xshash yangiliklar
-
Oilaviy tadbirkorlik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda
02.02.2023, 15:20
-
Davlat dasturining bajarilishi: Hisobot hisobot uchun bo‘lmadi
02.02.2023, 11:57
-
Sirdaryo tumanida yaqinda ish boshlagan yangi korxona faoliyati bilan tanishildi
27.01.2023, 19:38
-
O’zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari
27.01.2023, 18:52
-
Investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 12,7 mlrd dollarlik 12,6 mingta loyiha ishga tushirildi
27.01.2023, 18:26
Fikringizni qoldiring