Deputat Rasul Kusherbayev eng chekka hududda tahsil olayotgan maktab o‘quvchilari bilan ochiq muloqot qildi

14.12.2022, 11:41

Deputat Rasul Kusherbayev eng chekka hududda tahsil olayotgan maktab o‘quvchilari bilan ochiq muloqot qildi

Yoshlar har qanday davlatning ertangi kuni va erishajak natijalarini belgilab beruvchi kuch hisoblanadi.

Shuni anglagan holda mamlakatimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ularning iste’dod va imkoniyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish masalalariga katta e’tibor qaratib kelinmoqda.  

Hatto yurtimizning eng chekka hududlarida istiqomat qiluvchi yoshlar ham bu e’tibordan chetda qolishmayapti.

Jumladan, Bo‘stonliq tumanida tahsil olayotgan yosh avlod vakillarining huquqiy bilimlarini sinovdan o‘tkazish hamda ularning muammolari bilan tanishish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu davra suhbati Bo‘stonliq tumani “Qoramanas” MFYda joylashgan 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.

Maktab o‘quvchilarining huquqiy savodxonligini yuksak baholagan deputat Rasul Kusherbayev ta’lim yo‘nalishida markazda boshlanayotgan islohotlar yarim yo‘lda qolib ketmayotganini alohida e’tirof etdi. Eng chekka qishloqlarga ham yetib borayotganini qayd etdi. Ammo, bu muammolar to‘laligicha bartaraf etilganini bildirmasligini, hududda ham o‘ziga yarasha hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar borligini ta’kidladi. Xususan, bugungi kunda to‘liq ikki smenada faoliyat ko‘rsatayotgan maktabning quvvatini oshirish borasida qo‘shimcha bino qurib berish lozimligi to‘g‘risida to‘xtaldi. Ushbu masalani ijobiy hal etishda tegishli vazirlik hamda idoralarga taklif kiritishini aytib, ularning ijobiy ko‘z bilan qarashlariga umid bildirdi.

Ko‘proq yoshlar bilan ochiq muloqot qilingan uchrashuvda o‘quvchilarning konstitutsion bilimlarini sinovdan o‘tkazish bilan birga ularning xohish-istaklari ham tinglandi. Bugun qishloqda ulg‘ayib kamol topayotgan yoshlarni qanday masalalar o‘ylantirayapti, ularga kelajakda o‘z o‘rnini topishida qanaqa yordam kerak, degan savollarga javob olishga harakat qilindi. Qishloq sharoiti bo‘lishiga qaramasdan, yoshlarning zamonaviy IT texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini oshirish, bu borada kerakli infratuzilmani yaxshilash, ya’ni IT parklar qurib berish, hududni zamonaviy optik tolali internet bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha murojaat va takliflar olindi.

Deputat, partiya viloyat hamda tuman Kengashi mutasaddilari Bo‘stonliqdagi yoshlar sporti bilan yaqindan tanishish maqsadida bu yerdagi sport majmuasida ham bo‘lishdi.

Majmuada tuman sportchi yoshlari tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan tanishgan xalq vakillari erishilgan natijalarni ijobiy baholashdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    398
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+