Yetishtirilgan 113 millionta ko‘chat, yer sotib olayotgan ayrim odamlarning nomaqbul ishlariga chek qo‘yish bo‘yicha taklif...

16.12.2022, 15:40

Yetishtirilgan 113 millionta ko‘chat, yer sotib olayotgan ayrim odamlarning nomaqbul ishlariga chek qo‘yish bo‘yicha taklif...

O’zLiDeP ishchi guruhi davlat dasturining 81-maqsadida bayon etilgan vazifalar bajarilishi tahlil qilingan muloqot o‘tkazdi

Daraxtlarning hayotimizdagi o‘rni, ahamiyati beqiyos: havoni musaffo qiladi, salqinlik baxsh etadi, yaproqlari changni tutadi,   ildizlari tuproqni mustahkamlab, suvni tozalaydi, joylarga ko‘rk beradi, mevalarini bizga hadya qiladi...  Binobarin, ayniqsa, keyingi yillarda davlatimiz daraxtzorlar, butazorlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor beryaptiki, bu sa’y-harakatlar “Islohotlar xalq uchun, har bir inson uchun” degan ezgu yondashuvning yana bir tasdig‘idir.

Sohadagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan  me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirishga oid davlat dasturining 81-maqsadi 296-bandida ham bu borada aniq vazifalar belgilangan.  Mazkur  vazifalar bo‘yicha ham jamoatchilik nazoratini olib boruvchi O’zLiDeP deputatlari, faollaridan iborat ishchi guruh O’rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mutaxassislari ishtirokida  davra suhbati tashkil qilib, chora-tadbirlar bajarilishini tahlil qildi.   

Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari institutida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Qibray tuman kengashiga O’zLiDePdan saylangan deputatlar, mahallalar faollari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, partiya ishchi guruhi a’zosi Dilbar Usmonova mazkur yo‘nalishda huquqiy-normativ hujjatlar yaratayotgan imkoniyatlar, nihollar ekish umumxalq harakatiga aylanishining ahamiyati haqida so‘z yuritdi.  Muhtaram Prezidentimiz ko‘plab tadbirlar,  jumladan, Samarqand shahrida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi yig‘ilishi, Turkiy davlatlar rahbarlarining kengaytirilgan yig‘ilishi doirasida ham ko‘chat o‘tqazganlari, bundan barchamiz ibrat olishimiz, yurtimiz bog‘-rog‘larga aylantirilishida har birimiz faol qatashishimiz zarurligini ta’kidladi.

O’rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Zafar Eshonqulov, boshqarma mutaxassisi Davronbek Ravshanov davlat dasturidagi vazifalar bajarilishi bo‘yicha ma’lumot berishdi.

O’rmonzorlarni kengaytirish va ko‘chatxonalarni tashkil etish maqsadida 1 ming tonna cho‘l va boshqa turdagi daraxt va butalarning urug‘lari jamg‘arildi. 2017 yilgacha 40 turdagi 51 mln. dona ko‘chat yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yilda ko‘chatxonalar maydoni 1,2 ming gektarga yetkazilib, 70 turga yaqin 113 million dona nihol yetishtirildi.

E’tiborlisi, soha olimlarining tavsiyalari asosida har bir hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos, suvsizlikka chidamli daraxt ko‘chatlarini yetishtirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Kuzgi ko‘chat ekish mavsumida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan  talabgorlarga 13,4 mln. tup ko‘chat yetkazib berildi. 2023 yil bahor mavsumida esa 22 mln. dona ko‘chat yetkazib beriladi.

Maktablar atrofini ko‘kalamzorlashtirish uchun o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan bugungi kunga qadar 78 ming dona hamda maktabgacha  ta’lim muassasalarining ehtiyojidan kelib chiqqan holda 5 ming dona ko‘chat bepul yetkazib berilgani, o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari agrotexnik tadbirlar asosida ekish ishlariga  yordam berganliklarini ham qayd etish joiz.

Shuning barobarida Orol dengizining suvi qurigan tubida 107 ming gektar, Navoiy viloyatining cho‘l-dasht hududlarida 50 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar va Xorazm viloyatida 11 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etish ishlari bajarildi.

Bundan tashqari, o‘rmon fondining tog‘ va tog‘oldi hududlarida 2,2 ming gektar maydonda yong‘oqmevali o‘rmonzorlar barpo etildi.

Masalan, Chorvoq suv ombori yaqinidagi 101 gektar yer maydonida himoya o‘rmonzorlari barpo etilib, jami 80 ming 100 dona, Zomin tumanining tog‘oldi hududlaridagi 232 gektar maydonda jami 90 ming 200 dona, Samarqand shahri Cho‘ponota massividagi 150 gektar maydonda jami 75 ming dona bodom, yong‘oq, qrim qarag‘ayi, sharq tuya,  virgin archasi, na’matak kabi daraxtlar ko‘chatlari ekildi. Bo‘stonliq tumaniga kirishda “yashil hudud” barpo etilib, iqlim sharoitga mos 7 ming dona qrim qarag‘ayi, bodom ko‘chatlari ekildi.

Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari chetlarida
110 ta ob’ektda 2,5 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etilgani ham diqqatga molik.

Muloqotda ishtirokchilar o‘z savollariga mufassal javoblar oldilar. Talay takliflar ham o‘rtaga tashlandi. Misol uchun, "Ahillik” MFY raisi Shuhrat Husanov yer uchastkalari sotib olayotganlar daraxtlarni yo‘q qilayotgani, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli tartib-taomillarga o‘zgartirishlar kiritish kerakligini bildirdi.

Shu va boshqa asosli takliflar parlament quyi palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasiga taqdim qilinishiga kelishib olindi.  

Behzod Isroilov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimi,

 ishchi guruh a’zosi

  • Ko'rildi
    276
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+