Taraqqiyot – faqat va faqat jasoratli mehnat orqali bo‘ladi

20.12.2022, 15:24

Taraqqiyot – faqat va faqat jasoratli mehnat orqali bo‘ladi

Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va O’zbekiston xalqiga Murojaatnoma yo‘lladi. Unda mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘yayotgani, hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar yuz berayotgani haqida aytib o‘tildi. Bu borada faqat hisobotlardagina emas, balki amalda ham ko‘plab natijalarga erishganimiz sanab o‘tildi.

Jumladan, yakuniga yetayotgan 2022 yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘lishiga qaramay, Yalpi ichki mahsulotning bu yil ilk bor 80 milliard dollardan oshdi, iqtisodiyotimizga shu yilning o‘zida 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib keldi, eksportimiz esa 19 milliard dollarga yetdi. Bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi. Vaholanki, bu raqamlar ortida mashaqqatli mehnat yotibdi.

Davlatimiz rahbari 2023 yildagi eng ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tarkan, birinchi yo‘nalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qildi. Xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Sir emas, e’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida bo‘lgan sohalarni “oyoqqa turg‘izish” uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil qilindi. Va bu o‘z samarasini berdi. Misol uchun, maktabgacha ta’lim, uy-joy kommunal, mahallabay ishlash, investitsiya, davlat xizmatlari, davlat-xususiy sheriklik sohalarida katta natijalarga erishdik. Xususiy sektor va tadbirkorlikning rivojlanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi. Aholimizning faolligi, zamonaviy texnologiya va kasb-hunarlarga intilishi oshib bormoqda. Zamonaning shiddatiga mos ravishda iqtisodiyotimizda yangi-yangi yo‘nalish va sohalar kirib kelmoqda. Bu borada xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish uchun ham bizga endi aynan tizimli boshqaruv zarurdir.

Bu yo‘nalishda birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi. Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi. Har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi.   

Ko‘p vazirlar o‘zgaradi. O’z sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi bo‘layotgan vazirlar lavozimida qoladi. Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 25-30 foizga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi – dedi Prezident.

Ushbu islohotlar albatta, mamlakatning taraqqiy etishi uchun xizmat qiladi. Zero, taraqqiyot – faqat va faqat jasoratli mehnat orqali bo‘ladi.

Alisher RO’ZIYEV,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi raisi,

 Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.

 

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    296
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+