“Ta’lim sifatini oshirish - Yangi O’zbekiston taraqqiyotining yakka-yu-yagona to‘g‘ri yo‘lidir”

20.12.2022, 19:32

“Ta’lim sifatini oshirish - Yangi O’zbekiston taraqqiyotining yakka-yu-yagona to‘g‘ri yo‘lidir”

“Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir", - dedi Prezidentimiz joriy yilning 20 dekabrida Oliy Majlis hamda O’zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida.

Davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida birinchi navbatda, e’tibor Yangi O’zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratish zarurligini ta’kidladi.

Murojaatnomada ta’limning boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta-maxsus tizimida kelgusi yildan boshlab amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar xususida ham batafsil so‘z yuritilgan. Xususan,  2023  yildan boshlab boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Kelasi o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yo‘lga qo‘yilgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyoti Toshkent shahri va respublikamizning  qolgan barcha viloyatlari maktablarida ham joriy etilishini ta’lim tizimi xodimlari, keng jamoatchilik va ota-onalar tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.

Prezidentimiz fikricha, o‘qituvchilarning maqomi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiya darajasiga ko‘tarish kelgusida mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlantirish, soha xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy muhofazalash imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Biz murojaatnomani diqqat bilan tinglar ekanmiz, uning mazmun-mohiyatini to‘liq anglab yetish zarurligini his etdik. Chunki unda ilgari surilgan dolzarb vazifalar va ularning ijrosi har birimizni qaysi sohada faoliyat olib borishimizdan qat’iy nazar jamiyatimiz, xususan mamlakatimiz ta’lim tizimi rivojiga uning shundan keyingi istiqbolli vazifalari ijrosini ta’minlashga samarali ta’sir ko‘rsatishga da’vat etadi.

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish  davlatimiz rahbari Murojaatnomasida belgilab berilgan maqsad-vazifalar ijrosini bosqichma-bosqich tarzda 2023 yil davomida bajarilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Obidjon Xamidov,  

Buxoro Davlat universiteti rektori,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    478
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+