Murojaatnomada belgilangan vazifalar zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi

20.12.2022, 19:36

Murojaatnomada belgilangan vazifalar zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi

Bugun 20 dekabr kuni davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va O’zbekiston xalqiga Murojaatnomasi e’lon qilindi. Murojaatnomada o‘tgan yillar davomida qilingan ijobiy ishlar, yutuqlarimiz bilan bir qatorda kelgusida amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘yayotgani, hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar yuz berayotganini ta’kidladi. Jumladan, yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi, iqtisodiyotimizga shu yilning o‘zida 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib keldi, eksportimiz esa 19 milliard dollarga yetdi, bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi.

Oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurildi. Bu davrda qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetdi. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratish bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.

Bu yil 381 nafar sportchimiz Jahon va Osiyo musobaqalarida, 43 nafar iqtidorli va bilimdon yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Davlatimiz rahbari bugungi kunda O’zbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgani, xalqaro hamjamiyat buni keng e’tirof etayotganini ta’kidladi. Buni Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda o‘nlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilganida va muhim tashabbuslar ilgari surilganligida bilish mumkin.

Ushbu yutuqlar, inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyor – Yangi O’zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dastlabki natijalar ekani ta’kidlandi.

"Biz bunyodkor xalqimiz bilan birga bunday ezgu ishlarni davom ettiramiz va oldimizga qo‘ygan katta-katta marralarga albatta erishamiz", dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berishni taklif qildilar. Buni butun yurtdoshlarimiz to‘liq qo‘llab-quvvatladi deb baralla ayta olamiz.

Kelgusi yilga bunday nom berilishida ham katta ma’no va mazmunlik mujassamligini ta’kidlash o‘rinlidir.

Sababi, davlatimiz rahbari O’zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgilaganidan bilish qiyin emas.

Murojaatnomada 2023 yildagi eng ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tildi. Birinchi yo‘nalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish taklif qilindi.

Xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish ko‘p, keraksiz shtatlar bor. Markazlashuv yuqori. Oqibatda, bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda.

Prezident shuning uchun yangi ma’muriy islohotlar to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qildi. Endilikda, birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi. Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi, har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi. Bu orqali davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqarib, iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi.

Shu o‘rinda bir masalaga to‘xtalib o‘tmoqchiman, hozirgi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tayotgan “hukumat soati”da vazirliklarning axboroti eshitib borilmoqda. Qolaversa, yangi vazir tayinlashda ham deputatlar ishtirok etayapti, rejalari bilan tanishib, ularni ma’qullayapmiz.

Prezidentimiz o‘z nutqida bu masalaga ham to‘xtalar ekan, vazir faoliyatini samarali tashkil etishda parlamentdagi qo‘mita, komissiya va deputatlarning ham mas’uliyatini belgilash lozimligini ta’kidladi.

Murojaatnomada partiyamizning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sanalgan iqtisodiy islohotlar qat’iy davom ettirilib, xususiy sektor yanada qo‘llab-quvvatlanishi aytib o‘tildi. Endilikda, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi.

Shuningdek, kelgusi yildan tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratiladi. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi. Bu esa hududlar iqtisodiyotining baraqaror rivojlanishiga, iqtisodiy potensialni oshirishga, aholining farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, 1 yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trillion so‘m mablag‘ qoladi, ilg‘or tajribalar asosida soliq va bojxona ma’murchiligi isloh qilinadi. Bu kabi imkoniyatlar yurtimizda tadbirkorlarning soni oshishiga, ularning imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Pirovardda aholining farovonligi oshadi, makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanadi.

Umuman olganda, Prezidentimizning Murojaatnomasida keltirilgan vazifalarning ijrosini ta’minlashda, uni amalga oshirishda bor kuch va imkoniyatlarimizni to‘liq safarbar etamiz.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari.

  • Ko'rildi
    197
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+