Aholi salomatligini saqlash – muhim vazifa

21.12.2022, 10:24

Aholi salomatligini saqlash – muhim vazifa

Ijtimoiy islohotlar fonida yana bir soha — tibbiyot  yo‘nalishi ham borki, bu borada Prezidentimiz Oliy Majlisga va O’zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Aytish kerakki, o‘tgan olti yil davomida mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tibbiyot sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Sohani yanada isloh qilish maqsadida qator qaror va farmonlar qabul qilindi.  Bu sa’y-harakatlar asnosida bugun yurtimiz tibbiyotidagi ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarni mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘z hayotida, turmush tarzida chuqur his etmoqda.

Xususan, Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham bu borada qator vazifalar belgilab berilib, amalga oshirib kelinmoqda. Unga ko‘ra tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini orqali tibbiy profilaktikaga, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholi orasida eng ko‘p tarqalgan va erta o‘limning asosiy sababi bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini amalga oshirish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish borasida ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilyapti.

Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar qayta nomlangan holda faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi. Biroq, zamona o‘zgargani, rivojlangani sari ushbu yo‘nalishda ham yangi islohotlarga qo‘l urish ehtiyoji sezilayotir. Shu bois, Murojaatnomada qayd etilganidek, bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi qonun bilan belgilanadi. Ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish tezlashtiriladi. Ushbu tizim esa kelasi yili Toshkent shahrida boshlanadi va bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi.

Davlat rahbari, sog‘lom ovqatlanish ratsioniga doir tavsiyalar odamlarga yetkazilmayotgani, turli yoshdagi kishilar uchun jismoniy mashqlarni o‘rgatish ishlari yo‘qligini qayd etdi. Shu sabab “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakati har bir mahallada joriy qilinadi.

Eng muhim masala sifatida keyingi yili qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha uch yillik katta dastur amalga oshiriladi. Barcha tug‘ruq komplekslari to‘liq ta’mirlanadi va jihozlanadi, o‘rinlar soni 35 foizga ko‘paytiriladi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda 15 mingga yaqin onkologik bemorlar nur yordamida davolanishga muhtojligini e’tiborga olgan holda kelasi yilda Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda xususiy sherikchilik asosida Radiologiya markazlarini tashkil etish loyihalari amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Sog‘lik eng bebaho ne’matimizdir. Uni asrab-avaylash esa barchamizning burchimiz. Demakki, sog‘lom turmush tarziga o‘tishni har birimiz oilamizdan boshlashimiz lozim.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

 

  • Ko'rildi
    164
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+