O‘zLiDeP Prezident Murojaatnomasidan kelib chiquvchi asosiy ustuvor vazifalarni belgilab oldi

21.12.2022, 14:55

O‘zLiDeP Prezident Murojaatnomasidan kelib chiquvchi asosiy ustuvor vazifalarni belgilab oldi

Joriy yilning 21 dekabr kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiquvchi partiya va fraksiya oldidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishni parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov kirish so‘zi bilan ochar ekan, Murojaatnomada erishilgan natijalar, kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritilib, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sud tizimidagi masalalar ochiq-oydin bayon qilingani, bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilganini qayd etdi.

Majlisda mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgani O‘zLiDeP zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi. Bu borada partiya ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning kasb-hunar egallashi, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga katta e’tibor qaratadi.

Tadbir ishtirokchilari Murojaatnomada barcha sohalar qatori partiyamizning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sanalgan iqtisodiy islohotlar qat’iy davom ettirilib, xususiy sektor yanada qo‘llab-quvvatlanishini alohida e’tirof etdilar. Endilikda, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi.

Shuningdek, kelgusi yildan tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratiladi. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi. Bu esa hududlar iqtisodiyotining baraqaror rivojlanishiga, iqtisodiy potensialni oshirishga, aholining farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, 1 yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trillion so‘m mablag‘ qoladi, ilg‘or tajribalar asosida soliq va bojxona ma’murchiligi isloh qilinadi. Bu kabi imkoniyatlar yurtimizda partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkorlarning soni oshishiga, ularning imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Pirovardda aholining farovonligi oshadi, makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanadi.

Shu boisdan O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning parlamentdagi fraksiyasi tadbirkorlarga yelkadosh bo‘lib, ularni doimo qo‘llab-quvvatlaydi, ishbilarmonlarning haq-huquqlarini, ayniqsa, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashda bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

Majlisda davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida boshqa sohalar borasida ham qator vazifalar belgilab berilgani, ularning amalga oshirishda kuchli parlament va deputatlik nazoratini yo‘lga qo‘yish muhimligi borasida to‘xtalib o‘tildi.

Qo‘shma yig‘ilishda partiyaning barcha hududiy tashkilotlar, quyi bo‘g‘in a’zolari va jamoatchilik o‘rtasida Prezidentimizning tarixiy Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini oddiy, sodda tilda tushuntirish,  targ‘ibot tadbirlarida O‘zLiDeP fraksiyasi hamda deputatlik guruhlari a’zolarining ishtirokini ta’minlash lozimligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, O‘zLiDePning kelgusi yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish borasida vazifalar belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    460
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+