Belgilangan vazifalar ijrosi xalq farovonligiga xizmat qiladi
22.12.2022, 10:04

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasini butun xalqimiz qatorida men ham katta hayajon bilan tingladim.
Prezidentimiz o‘z murojaatnomasida yakuniga yotayotgan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da barcha sohalarda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, erishilgan natijalar, kelgusi reja va dasturlar, ishlanishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari o‘z murojaatnomasida 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berishni taklif qildi va bu taklif yurtdoshlarimiz tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Kelasi yilning ana shunday nomlanishi esa o‘z navbatida yakunlanayotgan yilda amalga oshirilgan ezgu ishlarning uzviy davomi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
E’tiborlisi, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlariga xizmat qilishi, inson qadrini ulug‘lashi bilan ahamiyatlidir. Chunki inson qadri bilan faol mahalla tizimi bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Davlatimiz rahbarining e’tibori, g‘amxo‘rligi natijasida mamlakatimizda Mahalla instituti keyingi yillarda xalqchil tizim sifatida takomillashtirilib, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardagi faolligi bilan jamiyatimiz hayotida mustahkam o‘rin egallab kelmoqda.
Keyingi yillarda aholining dardu-tashvishlarini tinglash, ular bilan “mahallabay” ishlash borasida ham tizimli ishlar amalga oshirildi. Har bir mahallada jinoyatchilik, huquqbuzarlik bo‘lmasa, bir-biri bilan totuv yashasa jamiyat, mamlakat tinch bo‘ladi. Chunki, mahalla – asrlar davomida milliy urf-odatlarimiz va boy ma’naviyatimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani bo‘lib kelmoqda.
Murojaatnomada o‘tib borayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinar ekan, barcha sohalar singari mahalla tizimiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘onidir. Shuning uchun ham bundan buyon davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushiriladi, dedi Prezident. 2023 yilda aholi tomonidan taklif berilgan suv, elektr, yo‘l, maktab kabi loyihalar uchun qariyb 3 barobar ko‘p, ya’ni 8 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Har bir mahalla o‘zining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi. Buning uchun 1 yanvardan boshlab, mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning o‘zida qoladi.
Muxtasar qilib aytganda, Murojaatnomada bayon qilingan reja va dasturlar, belgilangan vazifalar mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Sag‘indiq Turmanov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Mahalla va nuroniylarni
qo‘llab-quvvatlash vaziri,
O'zLiDeP Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Kengashi raisi.
O'xshash yangiliklar
-
Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lida
03.06.2023, 13:10
-
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi
02.06.2023, 19:11
-
Ishonch va mas’uliyat islohotlar ijrosining bosh mezoni
02.06.2023, 17:05
-
Ijtimoiy himoya tizimi yanada yaxshilanadi
02.06.2023, 17:02
-
Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
02.06.2023, 16:59
Fikringizni qoldiring