Murojaatnomada sud-huquq va odil sudlovni ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi

23.12.2022, 16:42

Murojaatnomada sud-huquq va odil sudlovni ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi

Kuni kecha barchamiz davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yurtdoshlarimiz katta intiqlik bilan kutgan Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga murojaatnomasini tingladik.

Prezidentimiz o‘zining murojaatnomasida bugun o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolar qatorida sud-huquq va tizimda odil sudlovni ta’minlash masalalariga ham katta e’tibor qaratgani sohada faoliyat yuritayotgan advokatlarning quvonchiga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, zimmamizga ulkan mas’uliyat yukladi.

Murojaatnomada advokatlarni elektron tanlash tizimini tezroq ishga tushirish zarurligini bejizga ta’kidlamandi.

Ming taassufki, mazkur masala bugungi kunda tizimdagi eng og‘riqli nuqtalardan biri edi.

Kundalik hayotda hammaning ham malakali yuridik yordam olish uchun advokat yollashga moliyaviy jihatdan imkoniyati yetarli emas. Davlat shunday toifadagi shaxslarga bepul yuridik yordamni ta’minlashi belgilangan.

Aksariyat holatlarda, surishtiruvchi yoki tergovchi bepul yuridik yordam olishga ehtiyoji bor shaxslarga o‘ziga ma’qul bo‘lgan yoki unga “halaqit” bermaydigan advokatlarni jalb etadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, davlat hisobidan advokat jalb etishda inson omili mavjud edi.

Bepul yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etishning shaffof mexanizmi joriy etilmaganligi “cho‘ntak advokatlari”, korrupsiyaviy holatlar va budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishiga sabab bo‘layotgan edi.

Xorijiy mamlakatlar tajribasini olib qaraydigan bo‘lsak, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va boshqa davlatlarda davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatishda advokatlar elektron tizim yordamida tanlanadi. Bu esa sohada xolislik va shaffoflikni ta’minlab beradi.

Yurtimizda ham davlat hisobidan huquqiy yordam ko‘rsatuvchi advokatni avtomatik ravishda tanlash bo‘yicha maxsus elektron tizimni ishga tushirilishi bilan yuqorida tilga olingan salbiy holatlarga chek qo‘yiladi.

Yurtboshimiz shuningdek, odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar berilishi, advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilishi lozimligi haqidagi masalani ham ko‘tardi.

Aytish joizki, bu borada ham juda qiynoqli muammolar mavjud. Xususan, amaldagi tartibga ko‘ra, sudya avvaldan, tergovchi va prokuror tomonidan tayyorlangan ish materialarini o‘qib tanishadi va sudyada sud majlisi boshlangunga qadar ish bo‘yicha ayblovga moyil qarashlar shakllanadi. Bu esa sudyaning xolisligiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Bunday sharoitda tenglik haqida gapirib bo‘lmaydi.

Endi, sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinishi borasidagi talabning yo‘lga qo‘yilishi bilan sudyaning xolisligi ta’minlanadigan bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha ilgari surgan tashabbus va takliflarini amalda mamlakatda joriy etish qonun ustuvorligini ta’minlashga, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishiga xizmat qilishi muqarrar.

A’zam Jo‘rayev,

Xalq deputatlari Toshkent viloya  Kengashi deputati,

“Djurayev A’zam Xudaykulovich” advokatlik byurosi rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    221
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+