Murojaatnoma – barchamizni birlashtiruvchi, bunyodkorlik salohiyatiga ega - yurtimiz taraqqiyoti uchun muhim dasturiy hujjatdir

26.12.2022, 15:41

Murojaatnoma – barchamizni birlashtiruvchi, bunyodkorlik salohiyatiga ega - yurtimiz taraqqiyoti uchun muhim dasturiy hujjatdir

Davlatimiz rahbarining an’anaga aylanib ulgurgan Murojaati nafaqat Oliy Majlis balki butun xalqimiz diqqat bilan kuzatgan yakunlanib borayotgan yilning muhim voqeasi, yangi yil uchun ulkan dasturiy hujjat bo‘ldi deyish mumkin. Murojaatnomada kelgusi yil rivojlanishimizning muhim yo‘nalishlari aniq belgilab berilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Murojaatnomada qayd etilgan reja va maqsadlarimiz ko‘lamini ko‘rsatadigan raqamlar haqida to‘xtalmoqchi emasman. Balki, unda ko‘tarilgan tashabbuslar o‘z mohiyati va dolzarbligi bilan barchamizni birlashishga undovchi, bunyodkorlik ishiga qo‘shilishga chaqiruvchi, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlash orqali barcha yurtdoshlarimiz uchun erkin va farovon jamiyat qurish yo‘lini belgilab bergan hujjatligini e’tirof etmoqchiman.

Dunyoda davlatlar ko‘p. Biroq, rivojlangan yoki rivojlanayotgan mamlakatlarning hammasida ham davlat rahbari yakunlanayotgan yilni sarhisob qila turib, mamlakat miqyosida chuqur tahlil va rejalarga asoslangan ma’ruzalar bilan mamlakat kelajagini, yuksalish va taraqqiyotini belgilab berishi muntazam kuzatilmaydi.  “Kelgusi yil bizning mamlakatimizda, tumanimizda, mahallamizda, mening taqdirimda nimalar o‘zgaradi, yechimini kutib turgan bu... bu... masalalar qachon hal bo‘lar ekan” degan fikri bilan o‘z taqdirini mamlakat taqdiri bilan bog‘liq holda ko‘radigan millionlab yurtdoshlarimiz dilidagi ko‘plab savollarga javob bergan Murojaatnoma shu jihati bilan ham bunyodkorlik xususiyatiga ega hujjatdir.

Rosti, jonajon yurtimizda keyingi yillarda bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlar barchamizga katta mamnuniyat va iftixor bag‘ishlab, ushbu jarayonda baholi qudrat ishtirok etib kelayotganimiz qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi. Shu bilan birga, hali yechimini kutayotgan masalalar qatorida ko‘plab katta-kichik masalalar borligi, ular qatorida maktabgacha va maktab ta’limi hamda oliy ta’lim, tabiiy gaz, elektr energiyasi ta’minoti, qishloq xo‘jaligidagi suv ta’minoti, yo‘l infratuzilmasida jiddiy islohotlar qilinayotgan bo‘lsa-da yakunlanib borayotgan yilimizda katta muammoli masalalar sifatida bot-bot kun tartibiga chiqayotgani yanagi yilda ham muhim davlat e’tiborida bo‘ladigan masalalar sifatida qayd etilgani yuqoridagi fikrlarni dalillaydi.  

Yangi yilimizga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgani, davlatimiz rahbarining mamlakat yetakchisi sifatida olib borayotgan ulkan islohotlarining bosh mezoni, asosiy ob’ekti – inson - uning qadrini ulug‘lash, munosib yashash, ish va turmush sharoiti yaratishdek ulug‘vor g‘oya turganligini yana bir bor tasdiqlab berdi. Inson farovon jamiyatda dunyoga kelishi, baxtli yashashi u yashaydigan jamiyat taraqqiyoti ma’rifat bilan, ta’lim va tarbiya bilangina barpo etilishi yangi yilga berilgan nomda ham yaqqol ko‘rinib turibti. 

Ilhom Botirov,

O’zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

raisining birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari

  • Ko'rildi
    303
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+