Tinchlik va osoyishtaligimiz bebaho boylik

26.12.2022, 18:02

Tinchlik va osoyishtaligimiz bebaho boylik

Notinchlik bo‘lgan yerdan baraka qochadi, deydi dono xalqimiz. Vaholanki, bu gap xoh oilada, xoh biror bir jamoada, xoh mamlakatda bo‘lsin amal qiladi. Ha, tinchlik hukmron yerdagina o‘sish, rivojlanish, farovon hayot bo‘ladi. Shukrki, biz yashayotgan yurtning kunlari fayzli, tunlari osoyishta o‘tmoqda. Demakki, shunga yarasha orzu-maqsadlarimiz ham bor. Hammamiz ana shu katta orzular va rejalarni amalga oshirishga yurtboshimiz boshchiligida bel bog‘laganmiz.

 Dunyoning turli nuqtalarida kechayotgan katta-kichik urushlar xalqlar, mamlakatlarni o‘ziga bo‘ysundirish, ta’sir doirasiga tortishning zamonaviy usullari, mamlakat aholisi o‘rtasida o‘zaro kelishmovchiliklar, milliy, diniy, irqiy, mahalliychilik shaklidagi ziddiyatlarni avj oldirish orqali hududda birodarkushlik urushlarini keltirib chiqarish oqibatida kelib chiqayotgani hech birimizga sir emas. Shu sabab mamlakat rahbari ham o‘z Murojaatnomasida “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz” deganida radikallashuvning faqat diniy sohaga oid hodisa emasligiga ishora qildi. Shunga ko‘ra, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-ma’naviy sohalarga mutasaddi tashkilot va idoralar o‘z faoliyatini faqat ishlab chiqarishdan iborat, deb bilmay, balki barcha narsa aynan inson va uning ongu tushunchasi, kayfiyat va dunyoqarashiga bog‘liq ekanidan kelib chiqib ish tutishlari har qachongidan ham muhimroqdir.

Ta’kidlash joizki, oxirgi o‘n yilliklarda dunyoning turli chekkalarida oltmishdan ortiq milliy-etnik qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Sayyoramizning turli nuqtalarida sodir bo‘lgan harbiy, siyosiy konfliktlarning aksariyatini etnik va diniy  motivlar harakatga keltiruvchi kuch vazifasini o‘tagan.Mazkur jarayonlar va ularning ayanchli oqibatlari jahon hamjamiyati uchun tinchlik va xavfsizlikni saqlash o‘ta dolzarb masalaga aylanganligini ko‘rsatmoqda.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning yarmida notinchlik, ya’ni ta’qib, to‘qnashuvlar, inson huquqlarining buzilishi sababli 100 mlndan ortiq odam boshqa davlatlarga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning ohiriga nisbatan 15 foiz ko‘p bo‘lib, yer yuzida 77 odamdan har 1 tasi boshqa davlatga ko‘chishga majbur bo‘ldi degani. Umuman olganda, o‘rganishlarga ko‘ra, insoniyatning o‘tgan 3400 yildagi tarixida butunlay tinchlik xukm surgani bor yo‘g‘i 268 yil, ya’ni 8 foizi bo‘lgan. XX asrning o‘zida urushdan 108 million odam o‘lgan. Bu misollar barchamizni hushyor torttirmog‘i lozim.

Ming shukrki, bizning yurtimizda tinchlik hukmron. Shuning uchun ham eng bebaho oliy ne’mat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetishimiz, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylashimiz joiz. Prezidentimiz ham shu maqsadda yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berishimiz kerakligini bejiz uqtirmadi. Zero, yoshlar turli yot g‘oyalardan ogoh bo‘lgan holda, siyosiy jarayonlar teran nazar solishga tayyor bo‘lmog‘i lozim. Ayniqsa, Vatanparvarlik quruq so‘zda emas, har yurtdoshimizning hayot tarzi va hayot mazmunini tashkil etishi zarur. Ushbu qadriyat yoshlikdan shakllantirilishi va milliy, ma’naviy qadriyatlar bilan mustahkamlanmog‘i zarur.

Axmad Narzullayev,

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashidagi

O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    1312
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+