Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimi – bugungi kun islohotlar talabi

26.12.2022, 18:21

Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimi – bugungi kun islohotlar talabi

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida kelgusidagi amaliy harakatlarga dasturilamal bo‘lgan maqsad va vazifalarga to‘xtalar ekan, ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish tashabbusini ilgari surdi.

Bu yo‘nalishdagi islohotlarning dolzarbligi nimada?

Davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “Oldinlari e’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida bo‘lgan sohalarni “oyoqqa turg‘izish” uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil qilishga to‘g‘ri keldi.

Maktabgacha ta’lim, uy-joy kommunal, “mahallabay” ishlash, investitsiya, davlat xizmatlari, davlat-xususiy sheriklik sohalarida katta samarali natijalar qo‘lga kiritilganini aytib o‘tar ekan, Davlatimiz rahbari, “Xususiy sektor va tadbirkorlikning rivojlanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi. Aholi faolligi, zamonaviy texnologiyalar, iqtisodiyotda yangidan-yangi yo‘nalish va sohalar yaratilmoqda. Bu boradagi tashubbslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi” qo‘l boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti keldi”, deb alohida ta’kidladi.

Joriy yil 23 dekabr kuni Prezidentimizning “Yangi O’zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Yangi O’zbekiston sharoitida zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalani ko‘rib chiqish jarayonlarini soddalashtirish orqali davlat organlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish hamda ular faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish, shuningdek, Yangi O’zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zosi bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash tizimi joriy etiladi.

Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo‘yicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi bo‘limlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘limi tugatiladi.

Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida, Bosh vazirning             4 nafargacha o‘rinbosarlari lavozimi, Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda Hukumat vakolatlariga oid boshqa dolzarb masalalarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish, ko‘rib chiqish va axborot berishning yangi tartibi joriy qilinadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi kengashining Yangi O’zbekiston ma’muriy islohotlarining birinchi bosqichi doirasida 2023 yil 1 yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining sonini 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish bo‘yicha taklifi ma’qullandi.

Endi har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyaga rahbarlik qiladi.

Mazkur Farmonning e’lon qilinishi, keng jamoatchilik tomonidan katta xayrixohlik bilan qarshi olindi. Chunki, endilikda davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich qisqaradi. Iqtisod qilingan mablag‘ ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi.

Prezidentimiz Murojaatnomda ta’kidlanganlaridek: “Davlat vakillari o‘zining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va fidoiyligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak”.

Sherzod MAMATQULOV

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

apparat rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    632
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+