O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayevning deputatlik faoliyati muddatidan oldin tugatilganligi yuzasidan

26.12.2022, 22:36

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayevning deputatlik faoliyati muddatidan oldin tugatilganligi yuzasidan

Keyingi kunlarda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayevning o‘z deputatlik faoliyatini yakunlashi to‘g‘risidagi murojaati ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga aylangan mavzulardan biri bo‘lib qoldi.

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi ushbu masala atrofidagi barcha jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bordi.

Aytish lozimki, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi R.Kusherbayevni partiya fraksiyasining faol a’zolaridan biri sifatida biladi.

Aynan ushbu jihatlarini hisobga olib partiya uni ilk bor 2014 yilda, ikkinchi marta esa 2019 yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod qilib ko‘rsatdi.

Partiya uning faolligini hamisha qo‘llab-quvvatlab keldi. Chunki uning faoliyati bugun O’zbekistonda mamlakatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan mutlaqo yangicha  - oshkoralik, muammolarni ochiq aytish, xalqimiz hayotini yaxshilash yo‘lida har qanday to‘siqqa qarshi qat’iy kurashish siyosatining mahsuli, amaliy namunasi sifatida namoyon bo‘ldi.

 Albatta, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonun asosida deputat  o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish huquqiga ega. Har bir deputat bunday mas’uliyatli qadamni tashlashda avvalo o‘ziga ovoz bergan o‘n minglab yurtdoshlari, nomzodini ilgari surgan siyosiy partiya oldidagi mas’uliyatini ham anglab, his etib harakat qiladi. R.Kusherbayev ham ushbu qaroriga aynan shunday yondashganligiga shubha yo‘q.

Shu bilan birga, Parlament majlisida deputatga so‘z berilish yoki berilmasligi masalasi noto‘g‘ri talqin qilinib, jiddiy mavzu sifatida muhokama etilishi yuzasidan bo‘layotgan harakatlarni biz noo‘rin deb hisoblaymiz. Chunki, parlamentdagi ko‘p yillik faoliyatimiz shuni aniq va yaqqol isbotlaydiki, reglamentdan qolaversa munozaralar uchun ajartilgan vaqt doirasidan kelib chiqib ayrim deputatlarga so‘z berilishi va berilmasligi hech qachon muammo sifatida qaralmagan, qolaversa, fraksiya har bir masala yuzasidan munozaralarda  so‘z berilishi huquqidan doimo samarali foydalanib kelgan. Bunday holatlar ayniqsa Qonunchilik palatasidagi yetakchi bo‘lgan O’zLiDeP fraksiyasining professional faoliyatiga, qonun loyihalari muhokamalarida o‘z elektorati manfaatlarini himoya qilishi jarayoniga biror bir ko‘rinishda to‘siq bo‘lmagan va bo‘la olmaydi ham.

Bugun O’zbekiston Respublikasi Markaziy Saylov Komissiyasi uning ushbu arizasini qanoatlantirib, deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilganligi borasidagi qarorini e’lon qildi.

O’zLiDeP R.Kusherbayevning tanlovini hurmat qiladi. Uning O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi sifatida amalga oshirgan faoliyati uchun minnatdorchilik bildiradi va kelgusi ishlarida rivoj tilaydi.

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va

partiyaning O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    186
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+