Namanganliklarga yuksak shijoat bag‘ishladi

27.12.2022, 10:16

Namanganliklarga yuksak shijoat bag‘ishladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida deputatlarga, senatorlarga bu muhim siyosiy-huquqiy hujjatning mazmun-mohiyatini,undan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni keng xalq ommasiga, saylovchilarga  yetkazish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Biz, o‘sha kunning o‘zidayoq targ‘ibot ishlarini boshlab yubordik.Avvalo shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, namanganliklar Prezidentimizning ushbu Murojaatnomasini katta qiziqish va yuksak ehtirom bilan qabul qildilar. Chunki Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzalarida viloyatimizda tadbirkorlikni, sanoatni rivojlantirish bo‘yicha  erishilayotgan natijalarni alohida  ta’kidlab o‘tdilar.

Xususan, mamlakatimizda Samarqand va Namangan shaharlarida aholi soni bir millionga yetib,  ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligi, shuning uchun  bu ikki  shaharni alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazishni taklif qilganliklari barchamizga katta quvonch bag‘ishladi. Biz ushbu tashabbusning mohiyatini,jumladan, viloyatimiz markazi yanada obod bo‘lishini,qurilish ishlari ko‘lami kengayishini, aholi turmush darajasi bundanda farovon bo‘lishini misollar bilan xalqimizga tushuntiryapmiz.

Darhaqiqat, Namangan shahri so‘nggi besh yilda tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi, har yili aholisi o‘rtacha 25-30 ming nafarga ko‘paymoqda. Keng va ravon ko‘chalar, xiyobonlar, Prezidentimizning taklifi bilan Namangan shahri tarkibida Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari tashkil etilishi ham bejiz emas. So‘nggi yillarda Namangan shahrida 300 dan ziyod ko‘p qavatli uylar qurilib, qariyb 65 ming fuqaro yangi xonadon egasi bo‘ldi. Birgina “Yangi Namangan” shaharchasi loyihasining birinchi bosqichida 330 gektar maydonda 8500 xonadonli 184 ta yangi uy-joy barpo etiladi. Ikki yildirki, Namaganda xalqaro miqyosda an’anaviy gullar bayrami tadbirlari o‘tkazilmoqda. Qo‘shni respublikalardan, xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar,sayyohlar ham Namangandagi ulkan bunyodkorlik ishlarini e’tirof etmoqdalar.

Shuningdek, Namangan shahrida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi, xalq iste’mol mollari, qurilish ishlari, chakana savdo aylanmasi, xizmatlar hajmi, budjet daromadlari prognozlari ortig‘i bilan bajarilmoqda. Bunga birinchi navbatda, shahar aholisining tadbirkorligi, ishbilarmonligi, qolaversa, davlat rahbari va hukumat tomonidan xususiy biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlanishi o‘z natijasini bermoqda.

Namangan shahrining o‘sish nuqtalari hisoblangan kichik sanoat zonalarini rivojlantirish va ularning sonini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida birgina 2022 yilda umumiy qiymati 2,3 trillion so‘m bo‘lgan 328 ta loyiha amalga oshirilyapti. Bu yo‘nalishdagi ishlar bugun yurtimizda “Namangan tajribasi” sifatida e’tirof etilmoqda va keng ommalashmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Namangan shahrining alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazilishi Namangan shahri aholisining turmush sharoitini yaxshilashga, barcha yo‘nalishlarda rivojlanishning yangi bosqichga chiqishiga keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

 Ikromxon NAJMIDDINOV,

Oliy Majlis Senati a’zosi,

O’zLiDeP Namangan viloyati faxriylar

Kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    215
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+