Millatlararo do‘stlik, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bag‘rikenglik muhiti yanada mustahkamlanadi

27.12.2022, 17:08

Millatlararo do‘stlik, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bag‘rikenglik muhiti yanada mustahkamlanadi

Prezidentimiz Oliy Majlisga va O’zbekiston xalqiga murojaatnomasida butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar haqida ogohlantirib, ushbu illatlar O’zbekistonni ham chetlab o‘tmayotganini afsus bilan ta’kidladi.

Bu kabi illatlarni oldini olish va aholi orasida sog‘lom muhitni yaratish maqsadida yangilanayotgan O’zbekistonda radikalizm, diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlariga qarshi turishda “Jaholatga qarshi ma’rifat” ulug‘vor g‘oyasi ostida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining tegishli qarorlari asosida tizimli ishlar amalga oshirildi. 2017 yil Prezident tashabbusi bilan bir paytlar diniy ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olinganlar “maxsus hisoblar”dan chiqarildi va ularni jamiyatga qayta ijtimoiylashtirish (mafkuraviy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy muammolarini bartaraf etish) bo‘yicha Respublika hududlarida davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat doimiy ishlovchi maxsus komissiyalar tashkil etildi.

Prezidentning 2018 yil 19 sentyabrdagi “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.

Afv etish amaliyoti diniy ekstremistik yo‘lga kirib qolganidan chin dildan pushaymon bo‘lgan mahbuslarni oilasi va jamiyatga qaytib, to‘liq ijtimoiylashishiga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, 2017 yildan buyon jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan diniy ekstremistik yo‘lga kirib qolganidan chin dildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 4 mingdan ortiq shaxslarga nisbatan afv etish farmonlari tadbiq etildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari doirasida Afg‘oniston va Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar kechayotgan hudlardan 500 nafardan ortiq vatandoshimiz, asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarildi. 2017-2021 yillar mobaynida radikalizm, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash tizimini yanada takomillashtirish yo‘nalishida O’zbekiston Respublikasining “Ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi, “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi, “Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa huquqiy hujjatlari qabul qilindi.

2021 yil 1 iyulda Prezident Farmoni bilan “O’zbekiston Respublikasining 2021-2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash milliy strategiyasi” qabul qilindi.

  Ushbu strategiya ekstremizmning oldini olishga qaratilgan samarali chora-tadbirlar kompleksini bosqichma-bosqich amalga oshirish, bu boradagi milliy va xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishni nazarda tutadi.

Prezidentimiz o‘z murojaatnomasida ta’kidlaganlaridek, Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz. 

Shu maqsadda bu ishni faqat ayrim mas’ul tashkilotlarga barcha yukni yuklab qo‘ymasdan xalqimiz bilan, shuningdek, siyosiy partiyalar va boshqa nodavlat-notijorat tashkilotlar bilan birgalikda muqaddas islom dinimiz g‘oyalarini, mohiyatini aholiga, ayniqsa yoshlarimizga tushuntirish, ularni qadimiy va umuminsoniy qadriyatlarga mos qilib tarbiyalashdagi vazifamizni sidqidildan bajarishimizni zamonning o‘zi taqozo etmoqda.

Muhammad Eshniyozov,

O’zLiDeP Navoiy viloyati Kengashi

apparat rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    417
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+