Davlat boshqaruvi tizimi tubdan isloh qilinadi

28.12.2022, 15:19

Davlat boshqaruvi tizimi tubdan isloh qilinadi

So‘nggi yillarda davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, islohotlarning dastlabki bosqichida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi tubdan takomillashtirildi. Shuningdek, davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlar joriy etildi, davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishning huquqiy asoslari yaratildi.

Murojaatnomada hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanishlarning ko‘pligi, keraksiz shtatlar majudligi, markazlashuvning yuqoriligi takidlanib, bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanayotgani aytildi. Bugungi kunga kelib davlat idoralari soni keskin oshib ketishi natijasida ixcham davlat boshqaruvi apparatini shakllantirishga imkon bermayapti. Boshqaruv tizimida salbiy byurokratik omillar ko‘payishiga olib kelmoqda.

Dunyoning yuqori iqtisodiyoga ega bo‘lgan 38 ta davlatni o‘zida jamlagan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti Kengashining “Tartibga solish siyosati va davlat boshqaruvi bo‘yicha tavsiyalari”da davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish bo‘yicha 12 ta holat nazarda tutilgan. Shulardan biri barcha darajadagi davlat boshqaruvi tizimida turdosh tartibga solish masalalarini aniqlash orqali takrorlanish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslikdir.  Shuningdek, muayyan sohada davlat boshqaruvini yagona davlat organiga yuklash orqali mazkur sohani kompleks rivojlantirish, yaxlit pozitsiya va tizimli yondashuvni shakllantirish, turdosh va o‘zaro bog‘liq tarmoqlarni rivojlantirish belgilangan.

Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda ixcham davlat boshqaruvi apparati shakllantirilgan. Masalan, Fransiyada – 18 ta vazirlik, Germaniyada – 14 ta vazirlik, Yaponiyada – 13 ta vazirlik, Finlyandiyada – 12 ta vazirlik, Niderlandiyada – 11 ta vazirlik tashkil qilingan. Albatta, bu islohotlar orqali davlat mablag‘larini tejashga, ularni to‘g‘ri va oqilona foydalanishga, davlat organlari xalqqa chinakam xizmat qilishiga hamda byurokratiyani keskin kamayishiga olib keladi.

Mazkur tajribalardan kelib chiqqan holda Murojaatnomada nazarda tutilgan islohotlarning birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinishi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgarishi, eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytirilishi belgilandi. Qolaversa, ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish yuzasidan muhim takliflardan biri sifatida davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqarishi bo‘ldi. Darhaqiqat, ushbu taklif xalqaro standartlarga ko‘ra, “smart” ya’ni aqlli boshqaruv shakli tobora ommalashib borayotganligini anglatadi. Uning markazida esa inson manfaatlari yotadi.

Bunda vazirlik va idoralar o‘rtasida o‘zaro takrorlanadigan vazifa va funksiyalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan takrorlanadigan vazifa va funksiyalar qisqartiriladi. Amalga oshirish tartibi yoki mexanizmi mavjud bo‘lmagan, shuningdek, biror-bir tuzilmaga yuklatilmagan vazifa va funksiyalar qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, bugungi kunda nomarkazlashtirish jarayoni orqali 26 ta respublika darajasidagi funksiyalar tegishli hududiy davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazildi.

Xo‘sh, bu orqali nimalarga erishiladi?

Birinchidan, boshqaruv tizimidagi ortiqcha, bir-birini takrorlaydigan tuzilmalarni qisqartirish evaziga  ixcham va samarali boshqaruv tizimi yaratiladi.

Ikkinchidan, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni tezkorlik hal etishda davlat boshqaruv organlari faoliyatini raqamlashtirishni yanada takomillashtirish va ma’muriy organlarning mustaqilligiga e’tibor qaratiladi.

Uchinchidan, qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan markaziy va mahalliy rahbarlarning hisobot berish tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqish maqsad qilingan.

To‘rtinchidan, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi aniq belgilanadi va kadrlarni tanlashda xalqchil mezonlarni qonuniy mustahkamlanadi.

Beshinchidan, davlat boshqaruvi tizimi va ma’muriy tartib-taomillarni optimallashtirish orqali davlat budjeti ortiqcha sarf-xarajatlar va yuklamalardan xalos bo‘ladi.

Yuqorida keltirilgan masalalar davlat boshqaruvini xalqqa yaqinlashtirishga, uni inson omiliga yo‘naltirish maqsadiga erishishga xizmat qiladi.

Manzuraxon Egamova,

O’zLiDeP Andijon viloyat kengashi faoli

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    1162
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+