Agrar sohadagi hayotiy islohotlar xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda

28.12.2022, 15:20

Agrar sohadagi hayotiy islohotlar xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda

Keyingi yillarda kuzatilayotgan global miqyosdagi iqlim o‘zgarishi, aholining o‘sishi, yer va suv resurslari imkoniyatlarining chegaralanishi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni kun tartibidagi dolzarb vazifalardan biriga aylantirmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda suv tanqisligining yildan-yilga sezilarli darajada ortib borayotgani agrar sohada jiddiy islohotlar olib borishni taqazo etmoqda.

Binobarin, suvni tejash, uning hisobini aniq yuritish, samarali boshqarish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bundan olti yil oldin keng ko‘lamda boshlangan islohotlar bugun amalda o‘z natijalarini beryapti.

Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomada Prezidentimiz suv xo‘jaligi sohasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Bu bir tomondan suv xo‘jaligi sohasi davlat uchun, xalq uchun qanchalik muhimligini anglatsa, ikkinchi tomondan suvchilarni yuksak e’tiborni his etgan holda o‘z vazifalarini to‘liq va sifatli bajarishga, bildirilgan ishonchni oqlashga undaydi. Ushbu hujjatda suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani, biz nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarni ham o‘ylashimiz kerakligiga alohida urg‘u berilgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, respublikamizda ichki xo‘jalik sug‘orish tarmoqlarining 77 foizi yoki 119,5 ming kilometri tuproq o‘zanli bo‘lib, 44 foizini yoki 68,3 ming kilometri ta’mirlash va tiklash, 10 foizini yoki 15,5 ming kilometrini esa rekonstruksiya qilish talab etiladi. Albatta, mavjud 19,1 ming kilometr lotok tarmoqlarini o‘z vaqtida ta’mirlash ishlari amalga oshirilmaganligi, shuningdek, xizmat muddatlarini o‘tib bo‘lganligi natijasida ularning 70 foizi (13,4 ming km.) rekonstruksiya qilish va almashtirishga muhtoj. Suv iste’molchilarining suv olish joylari esa aksariyat hollarda suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan.

Buning natijasida irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti past bo‘lib, asosiy manbalardan olinadigan suvning 35-40 foizi sug‘orish tarmoqlarida yo‘qotilmoqda. Shu sababli, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tushadigan mablag‘lar hisobidan betonlashtirish muhim ahamiyatga ega. 2023 yilda suv solig‘idan tushishi kutilayotgan 800 milliarddan ortiq mablag‘ning bir qismini yuqoridagi muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirish suv yo‘qolishining oldini olishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim masalaga to‘xtalib o‘tsak. Davlatimiz rahbari suvli yerlarni dehqonchilik qilish uchun ishsiz fuqarolarga bo‘lib berish borasida ham topshiriqlar berib o‘tdilar. Ushbu ishlar joriy yil boshidan ham tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Shu yilning o‘zida 100 ming gektar ekin yeri aholiga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berildi va buning hisobidan 1,5 million tonna qo‘shimcha oziq-ovqat yetishtirildi. Natijada qishloqlarda 400 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil qilindi, 1 million 200 mingdan ziyod qishloq aholisi daromadli ish bilan band etildi.

Bu kabi xayrli ishlar 2023 yilda ham davom ettirilib, yana 100 ming gektar ekin maydonlarini aholiga qo‘shimcha ravishda ajratilishi evaziga yana qariyb 350 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil etilishi mo‘ljallanmoqda. Umuman olganda, 750 mingta  (2022 yilda 400 mingta, 2023 yilda 350 mingta) dehqon xo‘jaligi tashkil etilishi bu yana 1 milliondan ortiq ish o‘rni va 1,5 million tonna qo‘shimcha mahsulot deganidir. Bu albatta, oziq-ovqat xavfsizligi va bozorlarda narx barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan hayotiy islohotlar xalqimiz farovonligi, to‘kinligi hamda oilalar daromadini oshishiga xizmat qilayotgan bo‘lsa, bir tomondan eksport salohiyatimizni yuksaltirishga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Prezidentimiz Murojaatnomada alohida ta’kilaganidek, qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon qaytmaymiz, qishloq xo‘jaligida islohotlarni qat’iy davom ettiramiz.

                   Barno MIRZAMOVA,

                   Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    347
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+