Murojaatnoma: Jadid bobolarimiz faoliyati yanada chuqurroq o‘rganiladi
28.12.2022, 15:55

Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur o‘rganishimiz lozim. Ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi O’zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur.
Prezidentimiz Murojaatnomada vatan va millat ozodligi yo‘lida kurashib bu yo‘lda qatag‘onga uchragan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqurroq o‘rganish kerakligini ta’kidladi. “Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur o‘rganishimiz lozim. Ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi O’zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur”, deyildi murojaatnomada. Jadid bobolar bir asr avval o‘zlari orzu qilgan mustaqil davlat va uning taraqqiyoti uchun dasturilamal yozib ketgan edilar. Yangi O’zbekistonni qurishda jadidlarning dasturilamalidan foydalanish ularning ruhini shod etish bilan birga, ular bejizga yashamaganliklari, bekorga qon to‘kmaganliklarining dalilidir. Uchinchi Renessans g‘oyasi ham avvalgi uyg‘onish davrlarida ijod qilgan allomalarimizning g‘oyalarini jamiyatga tatbiq qilish orqali yangi bir uyg‘onish davrini yuzaga chiqarish edi. So‘nggi yillarda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulhamid Cho‘lpon, Munavvar Qori Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Ishoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat kabi jadidlarimizning hayoti va ijodini o‘rganish bo‘yicha ko‘pgina xayrli ishlar amalga oshirildi. Ularning kitoblari to‘plab nashr etildi, ilmiy tadqiqotlar qilindi, ularning hayoti va ijodi haqida badiiy va hujjatli filmlar suratga olindi. Prezidentimizning jadid bobolar ijodini yanada chuqurroq o‘rganish haqidagi gaplari, ularning ibrat maktabi sifatida ko‘rilayotgani har bir ziyolini jadidlarning konsepsiyasini jamiyatga tatbiq etishda tashabbuskor bo‘lishga undaydi.
Nega jadidlarning hayoti va ijodini chuqurroq o‘rganishimiz kerak? Chunki, jadidlarning vatan ozodligi yo‘lida kurashi oson kechmagan. Ular millatni kuchli millat qilib tarbiyalashni maqsad qilgan edilar. Jaholat va qoloqlikka qarshi ma’rifat bilan kurashish, ana shu asosda hurriyatga erishish,Vatanning buyuk sha’nu shavkatini tiklash jadid ta’limotining o‘zak g‘oyasi hisoblanadi. XX asr boshida, mutaasiblik va nodonlik hukm surgan davr muhitida milliy ruhni saqlagan holda ilg‘or G’arb ilm-fani va texnikasi yutuqlarini o‘zlashtirish g‘oyasini ilgari surish va amalga oshirish chinakam ma’naviy jasorat edi.
Shu maqsadda yangi usul maktablari tashkil qilishdi, millat dunyoqarashini o‘sdirishga qaratilgan yangi darsliklar yozishdi, teatrni olib kirishdi, nashriyotlar, gazetalar ochishdi. Inson haq-ququqlarini o‘zida ifoda etgan milliy konstitsiya yaratishga intilishdi. Iste’dodli yigit-qizlarni G’arbning ilg‘or mamlakatlarida o‘qitish uchun bor-budlarini sarflashdi. Bunday tashabbuslar uchun o‘sha davrdagi xonliklar ularni qo‘llab-quvvatlamadi, aksincha, ta’qib ostiga olishdi. Bugungi imkoniyatlar, hozirgi ilm-ma’rifatga xayrixoh hukumat jadidlar zamonida bo‘lganida edi, Uchinchi Renessansga allaqachon erishgan bo‘lardik. Mahmudho‘ja Behbudiyning “Zamona ilmu-fanidan bebahra millat o‘zgalarga poymol bo‘lur”, Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot-yo mamot, yo najot- yo halokat, yo saodat-yo falokat masalasidir” degan so‘zlari bugun ham millatni uyg‘otuvchi da’vatdek jaranglab turibdi. Prezidentimiz ulug‘ ma’rifatparvar Ishoqxon Ibrat haqida shunday degandilar “Men Ibrat domla haqida ko‘p o‘qiyapman, uning el-yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona xizmatlari nafaqat o‘z davrida, balki bugungi kunda ham barchamiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘lib qolmoqda”.
Bugun, ommaviy madaniyat xavfi kuchaygan bir davrda jadidlar kabi haqiqatparvar, ma’rifatparvar, fidoyi avlodga katta ehtiyojimiz bor. O’zbek o‘z baxtu saodatini farzand kamolida deb biladi. Farzandi baxtli bo‘lishi uchun hech narsani ayamaydi. Ertangi avlod agar bilimli, sog‘lom, dunyoqarashi keng, e’tiqodi butun, ma’naviyatli inson bo‘lib voyaga yetsa, xalqimiz chinakam baxtli-saodatli bo‘ladi. Tashabbuskorlar rag‘batlantiriladigan, yangicha ishlash, yangicha fikrlash zamon talabi bo‘lgan bugungi kunda jadidlar hayoti va faoliyati yoshlar uchun ibrat maktabi hisoblanadi.
Avvalgi davrlarda jadidlar va ularning ijodiga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lingani bor gap. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jadid bobolarning nomini oqlash va abadiylashtirish yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Murojaatnomada jadidlar haqida aytilgan fikrlar zamirida, mazkur jarayon bardavom bo‘lishi, jadidlar hayoti va ijodi bilan chuqurroq tanishish, ibrat maktabi sifatida ko‘rish, ularning asarlari va g‘oyalari Yangi O’zbekistonni qurishda xizmat qiladi, degan ta’kid bor. Jadid degani – yangi degani. Shu ma’noda, Yangi O’zbekiston yangilik va yaxshilik tarafdori bo‘lgan jadidlarning orzusi ham edi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Sardor Maripov,
O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi
bo‘lim mudiri
O'xshash yangiliklar
-
Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lida
03.06.2023, 13:10
-
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi
02.06.2023, 19:11
-
Ishonch va mas’uliyat islohotlar ijrosining bosh mezoni
02.06.2023, 17:05
-
Ijtimoiy himoya tizimi yanada yaxshilanadi
02.06.2023, 17:02
-
Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
02.06.2023, 16:59
Fikringizni qoldiring