Murojaatnoma: suvli yerlarni dehqonchilik qilish uchun ishsiz fuqarolarga bo‘lib beriladi

28.12.2022, 16:13

Murojaatnoma: suvli yerlarni dehqonchilik qilish uchun ishsiz fuqarolarga bo‘lib beriladi

Murojaatnomada Prezidentimiz suv xo‘jaligi sohasiga alohida e’tibor qaratib o‘tdilar. Bu bir tomondan suv xo‘jaligi sohasi davlat uchun, xalq uchun qanchalik muhimligini anglatsa, ikkinchi tomondan suvchilarni yuksak e’tiborni his etgan holda o‘z vazifalarini to‘liq va sifatli bajarishga, bildirilgan ishonchni oqlashga undaydi.

Ushbu hujjatda suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani, biz nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarni ham o‘ylashimiz kerakligiga alohida urg‘u berilganiga barchamiz guvoh bo‘ldik.

Haqiqatan ham, suv tanqisligi yildan yilga sezilarli darajada ortib borayotgan bo‘lib, bu haqda ko‘p bong uryapmiz. Suvni tejash, uning hisobini aniq yuritish, samarali boshqarish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bundan olti yil oldin keng ko‘lamda boshlangan islohotlar bugun amalda o‘z natijalarini beryapti.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Respublikada ichki xo‘jalik sug‘orish tarmoqlarining 77 foizi (119,5 ming km) tuproq o‘zanli bo‘lib, 44 foizini (68,3 ming km) ta’mirlash va tiklash, 10 foizini (15,5 ming km) esa rekonstruksiya qilish ta’lab etiladi.

Mavjud 19,1 ming km lotok tarmoqlarini o‘z vaqtida ta’mirlash ishlari amalga oshirilmaganligi, shuningdek, xizmat muddatlarini o‘tib ketganligi natijasida ularning 70 foizi (13,4 ming km) rekonstruksiya qilish va almashtirishni talab qiladi. Suv iste’molchilarining suv olish joylari esa aksariyat holda suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan.

 Natijada irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti past bo‘lib, asosiy manbalardan olinadigan suvning 35-40 foizi sug‘orish tarmoqlarida yo‘qotilmoqda.

Shu sababli, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tushadigan mablag‘lar hisobidan betonlashtirish muhim ahamiyatga ega. 2023 yilda suv solig‘idan tushishi kutilayotgan 800 milliarddan ortiq mablag‘larning bir qismini yuqoridagi muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirish suv yo‘qolishining oldini olishga xizmat qiladi.

 Yana bir muhim masalaga to‘xtalib o‘tsak.

Davlatimiz rahbari suvli yerlarni dehqonchilik qilish uchun ishsiz fuqarolarga bo‘lib berish borasida ham topshiriqlar berib o‘tdilar.

Ushbu ishlar joriy yil boshidan ham tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Shu yilning o‘zida 100 ming gektar ekin yerini aholiga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berildi va buning hisobidan 1,5 million tonna qo‘shimcha oziq-ovqat yetishtirildi.

Natijada, qishloqlarda 400 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil qilindi, 1 million 200 mingdan ziyod odamlarning bandligi ta’minlanib, daromad olmoqda.

Shu bois, 2023 yilda ham 100 ming gektar ekin maydonlarini aholiga qo‘shimcha ravishda ajratilishi qariyb 350 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil etilishiga olib keladi.

Umuman olganda jami 750 mingta yangi (2022 yilda 400 mingta, 2023 yilda 350 mingta) dehqon xo‘jaligi tashkil etilishi bu yana 1 milliondan ortiq ish o‘rni va qo‘shimcha daromad manbaidir.

Agar tahlil qiladigan bo‘lsak, paxtadan shuncha maydondan olinadigan foydaga nisbatan qishloq xo‘jaligi maxsulotlari yetishtirish orqali 5-6 barobar ko‘p daromad olish imkoniyatlari yaratiladi.

Shuningdek, qo‘shimcha 1,5 million tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi maxsulotlari yetishtirilishi oziq-ovqat xavfsizligi va bozorlarda narx barqarorligini ta’minlashga erishiladi. Shu bilan birga aholining daromadlari oshishi hamda kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladi.

Roxatjon To‘ychiyev

Andijon viloyat kengashidagi O’zLiDeP faoli

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    305
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+