Jamiyatimizga ezgu tamoyillarni chuqurroq singdirish qayg‘uli voqealar takrorlanmasligi kafolatidir
29.12.2022, 09:13

Samarqanddagi bolalar shifoxonasida 18 go‘dakning o‘limi barchani, partiyamiz a’zolarini ham larzaga soldi. Partiyamiz vafot etgan bolalarning ota-onalariga, yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Mazkur qayg‘uli voqea, garchi keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganiga qaramay, hali-hanuz ayrim muammolar saqlanib qolayotganidan, sohaga yanada ko‘proq e’tibor qaratish zarurligidan darak beryapti.
Xususan, respublikamiz sog‘liqni saqlash vaziri bolalar o‘limi haqidagi ma’lumotlar vazirlikdan yashirishga urinilganini ma’lum qildi. Aybdor shaxslar ana shu niyatiga yetganida, ehtimol, o‘limlarga olib kelayotgan faoliyat yana davom etardi, shubhali dori iste’moli esa kengayaverardi. Shu bilan birga mazkur muassasadagi ko‘plab jarayonlar, xodimlar kasbiy mahorati va boshqalar ham nazardan chetda qolgan. Bu hodisa ochiqlik, oshkoralik, shaffoflikning – mas’ul shaxslarning o‘z vazifalariga bo‘lgan mas’uliyatini keskin oshirishga xizmat qiluvchi tamoyillarning, bu yo‘nalishda partiyamiz ilgari surayotgan vazifalarning hayotga to‘la tatbiq etilishi naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Shubhali dori vositasini respublikamizda ro‘yxatdan o‘tkazgan, uni mamlakatimizga keltirgan va sotuvda ishtirok etgan bir qancha shaxslar hibsga olindi. Mas’uliyatsiz, kerakli choralarni vaqtida ko‘rmagan tibbiyot xodimlari o‘z lavozimidan ozod etildi. Ammo.. O’tgan haftada Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga murojaatnomasida “... ochiq aytish kerak, bu – masalaning sababi bilan emas, oqibati bilan kurashish” degan fikr aytdi. Davlatimiz rahbarining mazkur so‘zlari kuni kecha ro‘y bergan hodisaga ham taalluqlidir. Sabablar bilan bir necha tashkilot kurasholmaydi, bu ishda butun jamiyat, barchaning faol ishtiroki talab qilinadi. “Sen menga tegma, men senga tegmayman”, “Menga nima, o‘zim tinch bo‘lsam, bo‘ldi-da” qabilidagi aqidalarga, loqaydlik, befarqlik kabi illatlarga butkul barham berish zarur.
Jamiyatimizning ana shu ezgu tamoyillar asosida mukammallashuvi fojia qaytadan yuz bermasligining kafolatidir.
O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi
O'xshash yangiliklar
-
O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi
21.09.2023, 09:50
-
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi: xalqimiz orzu-umidlari ro‘yobiga xizmat qiluvchi hayotiy hujjat
13.09.2023, 15:38
-
O‘zbekiston – Ozarbayjon: do‘stlik va qardoshlik aloqalari yanada kengayadi
25.08.2023, 17:16
-
Tadbirkorlik rivojini yanada yuksak bosqichga ko‘tarish – ustuvor vazifamizdir
21.08.2023, 09:49
-
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti o‘z lavozimiga kirishdi
14.07.2023, 14:53
Fikringizni qoldiring