Bekobodda hokim yordamchilarining faoliyati sarhisob qilindi

30.12.2022, 16:07

Bekobodda hokim yordamchilarining faoliyati sarhisob qilindi

Xalq deputatlari Bekobod shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari hududdagi mahallabay ishlash tizimi va hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yuzasidan navbatdagi deputatlik eshituvini tashkil etdi.

Unda Xalq deputatlari Bekobod shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Bekzod Mirzaqulov hamda shahar Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish rahbari Islombek Axmadaliyevlarning Bekobod shahridagi MFYlarda mahallabay ishlashda hokim yordamchilarining bugungi kungacha olib borilayotgan  ishlari  yuzasidan hisobotlarini tinglashdi.

Partiya deputatlarining bugun Bekobod shahri hududidagi mahallalarda mahallabay ishlash va hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi qanday, degan savoliga mutasaddilar hududda ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, kredit va subsidiyalar ajratish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini kengaytirish, kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan tahliliy hisobotlarini taqdim etishdi.

Unga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida Bekobod shahridagi mahallalarda 4343 ta ish o‘rinlari yaratilgan. Jumladan, 1876 tasi doimiy ish o‘rinlari, 332 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlikka  yo‘naltirish, 2100 ta o‘zini-o‘zi band qilish orqali, 367 ta haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish, 62 ta yuridik shaxs tashkil etgan holda tadbirkorlikka yo‘naltirish orqali ish o‘rinlari yaratilgan.

Kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida Bekobod shahar “Nurli yo‘l” MFYdagi hokim yordamchisi  R.Esanturdiyev tomonidan 81 nafar yoshlar va xotin-qizlarni hamda 25 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni “BEKOBOD KASB-HUNARGA O'QITISH MARKAZI” va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Toshkent viloyati hududiy filiali, 32 nafar fuqarolar esa Monomarkazlarida yo‘llanma asosida o‘qitilib va ularning bandligi ta’minlangan. Bugungi kunda yoshlar va xotin-qizlar 27 dan ortiq mutaxassisliklarga o‘qitilmoqda.

Hisobot davrida 317 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlik, 162 ta yuridik shaxs tashkil etgan holda yangi tadbirkorlik su’bektlari tashkil etilgan.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida “Onlayn mahalla” platformasi orqali jami qiymati 32,4 mlrd. so‘m bo‘lgan 1000 ta loyihalar uchun arizalar kelib tushgan bo‘lsa, shundan hokim yordamchilari tomonidan 19,3 mlrd. so‘m bo‘lgan 762 ta loyihalarga ijobiy tavsiyanomalar berilgan hamda 448 ta loyihalarga 10,19 mlrd. so‘m kreditlar ajratilgan.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob uskunalari olib berish bo‘yicha 89 ta fuqaroga 589 mln. so‘mlik subsidiyalar ajratilgan.

Mahallalardagi aholi tomorqasidan samarali foydalanish maqsadida 30,0 km ariqlar tozalanib, 534 ta oilalar tomorqasini sug‘orish uchun suv bilan ta’minlangan. Shuningdek, 1,2 km yo‘llar shag‘allashtirilib, 489,3 km yo‘llar asfaltlashtirilgan hamda 1,6 km piyodalar yo‘laklari barpo etilgan.

Mahallalarda eski va yaroqsiz bo‘lgan 9 dona transformator, 391 dona sim yog‘ochlar hamda 733 dona tungi chiroqlar yangilariga almashtirilgan.

Deputatlar mutasaddilarning yuqoridagi daliliy raqamlarni o‘z ichiga olgan hisobotlarini tinglab, uning doirasidagi o‘z mulohazalarini bildirishdi. Xususan, yurtboshimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan mahallabay ishlash tizimi o‘zining samaradorligini berayotganini qayd etisharkan, axborotdagi ko‘rsatkichlarni yanada ko‘tarish lozimligini ta’kidlashdi. Endilikda xonadonbay ishlash mexanizmlarini ham qayta ko‘rib chiqib, bu boradagi ishlarni tizimlashtirib, yanada jonlantirish kerakligini uqtirisharkan, o‘zlarining ko‘rsatma va tavsiyalarini berishdi.

Prezidentimizning joriy yil 20 dekabrdagi Oliy Majlis hamda xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyor – Yangi O’zbekistonni barpo etish ishiga katta mas’uliyat bilan yondashish zarurligiga e’tibor qaratishdi.

Murojaatnomada qayd etilganidek, kelgusi “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da Toshkent viloyati, shu jumladan, Bekobod shahrida ham qator islohotlar, katta o‘zgarishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgani to‘g‘risida fikr yuritishdi. Xususan, eng muhim masala bo‘lgan energiya resurslaridan samarali foydalanishda Toshkent viloyatida Olmaliq, Bekobod kombinatlari va boshqa yirik korxonalar o‘z ehtiyojlari uchun 1 ming megavattli quyosh elektr stansiyalari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgani masalasining mohiyatini tushuntirishdi. Mamlakat rahbari o‘z murojaatnomasida ko‘rsatib berganidek, Olmaliq va Bekobod kombinatlari quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatsa, yiliga 2,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Natijada, Toshkent viloyatining qariyb 30 foiz elektr iste’moli ta’minlanadi va 500 million kub metr gaz tejaladi.

Deputatlar shuningdek, murojaatnomada kelgusi yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanib, uning doirasida, birinchi navbatda turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etilishi masalasi ham tilga olingani haqida atroflicha to‘xtalishdi.

Davlat rahbarining Murojaatnomasida 2023 yil uchun ulkan maqsad va vazifalarni belgilab berilganini bayon etishdi. Kelgusida amalga oshiriladigan faoliyatda ham mazkur murojaatnoma dasturul amal bo‘lib xizmat qilishi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlashdi.

Deputatlik eshituvsi so‘nggida tinglangan hisobot yuzasidan ma’lum xulosaga kelinib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari bilan hamkorlikda qilinadigan ishlarning chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    469
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+