Buxorolik talaba yoshlar bilan ochiq muloqot qilindi

04.01.2023, 14:47

Buxorolik talaba yoshlar bilan ochiq muloqot qilindi

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi tomonidan “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida Buxoro davlat pedagogika instituti talaba yoshlari ishtirokida “Yangi O’zbekistonning yangi avlod yoshlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. 

Tadbirda so‘z olganlar bugun yurtimizda yoshlarning zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratib berilayotgan imkoniyatlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

Dastlab tadbir ishtirokchilariga partiya viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Bobomurod Ochilov tomonidan “Yangi avlod kadrlari” loyihasining mazmun-mohiyati bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, loyihadan ko‘zlangan maqsad oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talaba yoshlar orasidan zamonaviy fikrlaydigan, ma’nan yetuk, vatanparvar, partiyaga xayrixoh, partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini targ‘ibot etishda tashabbuskor, faol, yetarli malakaga ega bo‘lgan kadrlarni tanlash va partiya saflarini faol yoshlar hisobidan kengaytirishdan iboratdir.

Davra suhbati davomida so‘z olgan partiya viloyat Kengashi huzuridagi Faxriylar Kengashi raisi Behbud Jumayev barchaning diqqat-e’tiborini mamlakatimiz rahbari tomonidan Parlamentga va O’zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomaning mazmun-mohiyatiga qaratdi. Unda davlat siyosati markazida inson va uning to‘laqonli shaxs sifatida takomillashuvini ta’minlovchi ustuvor vosita ta’lim ekanligi alohida qayd etilganligini ta’kidlab o‘tdi. Ta’lim, ayniqsa, oliy ta’lim mamlakatimiz kelajagini, yuksak taraqqiyotini belgilab beradigan muhim tayanch tizimi ekanligini alohida e’tirof etdi. Mamlakatimizda, qolaversa, viloyatimizda oliy ma’lumotli, bilimli, yuksak malakali mutaxassislar qancha ko‘p bo‘lsa, barcha sohalarda shuncha ko‘p rivojlanish hamda samaradorlikka erishilishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilariga yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va uni rivojlantirish borasida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, sohaga oid amaldagi qonunchilik, turli yo‘nalishlarida faoliyat boshlash uchun tijorat banklaridan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar olish tartibi va sohaning sohaning sir-asrorlari hamda o‘zining serqirra tadbirkorlik faoliyati to‘g‘risida O’zLiDeP shahar Kengashi raisi o‘rinbosari, “Zamin madad tayyorlov savdo” MChJ rahbari Mamlakat Sodiqova o‘z fikr- mulohazalarini batafsil  tushuntirib o‘tdi.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda bo‘lib o‘tgan davra suhbati ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga tashkilotchilar tomonidan kerakli maslahat va tavsiyalar berildi. 

Tadbir so‘ngida institutning 5 nafar faol talabalariga partiya a’zolik guvohnomalari berildi.

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi hamda Buxoro davlat pedagogika instituti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

  • Ko'rildi
    245
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+