Qonun talablari va inson huquqlari – oliy qadriyat

04.01.2023, 17:43

Qonun talablari va inson  huquqlari – oliy qadriyat

Inson, uning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari — oliy qadriyat hisoblanadi. Buyuk allomalarimiz boy ilmiy va ma’naviy merosida ham, inson — hayot gavhari, tengsiz mo‘jiza sifatida ulug‘lanadi.

Shu bois, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratildi. Chunki inson farovon hayot kechirgan taqdirdagina, jamiyat va davlat uyg‘unlikda barqaror rivojlanadi.

Inson qadri, insonni e’zozlash – eng asosiy masalalardan bo‘lgani sababli oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta uy-joylar qurdildi. Bu davrda qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetdi.

Hozirgi iqtisodiy inqirozlarga qaramay, ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosati izchil davom ettirilmoqda.

Xalqimiz sog‘lig‘ini saqlash uchun barcha tibbiy xizmatlar eng chekka tuman va mahallalar darajasigacha tushirilib, yoshlarni kasb-hunarli qilish, ularning biznesiga keng yo‘l ochish, haqiqiy mulkdor bo‘lib, daromad topishi uchun zarur sharoitlar yaratilyapti.

Yillarga berilgan nomlarning ham bevosita va bilvosita inson tushunchasiga borib ham bog‘lanishi bejiz emas. Inson qadrini ulug‘lagan jamiyat, o‘z mamlakatini e’zozlagan va qadriga yetadigan, uning ertasi uchun kuyunuvchi davlat hisoblanadi. Yangi — 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilishida ham ana shu haqiqat mujassam.

Bu bundan besh-olti yil oldin boshlangan islohotlar kelgusida ham davom ettirilishi, inson va uning manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining markazida bo‘lishidan dalolat beradi. Boshqacha aytganda, bu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmay, doimo bardavom bo‘lishini anglatadi.

Davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligiga alohida urg‘u bergani bejis emas.

Chunki shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun zarur sharoit yaratib berish, insonni chinakamiga qadr topishini ta’minlash eng ustuvor va dolzarb masalalardan sanaladi.

To‘g‘ri, so‘nggi yillarda bu borada, ayniqsa, sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi. Xalq manfaatlarini ta’minlash, odamlarning o‘y-tashvishlariga sherik bo‘lish, orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Ammo odil sudlovni ta’minlash bo‘yicha hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ham bor. Xususan, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bog‘liq holatlar uchramoqda. Masalan, haligacha davlat hisobidan bepul ta’minlanadigan advokatlarni elektron tanlash tizimi ishga tushmagan.

Yurtboshimiz shu jihatlarga to‘xtalarkan, bu masalani alohida nazoratga olib, tez kunlarda ushbu tizimning to‘liq ishga tushirilishini ta’minlash zarurligini qayd etdi. Qisqa muddatda huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratishini bildirdi.

Yana bir muhim masala. Oxirgi paytlarda ayrim vaqtincha ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilayotgani sir emas. Davlatimiz rahbari shu jihatlarga to‘xtalar ekan, bizning yurtimizda bunday holatlar umuman bo‘lishi mumkin emasligini, kim bunga amal qilmasa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘lishini ta’kidladi.

Haqiqatdan ham, qonun ustuvor bo‘lgan, mamlakatning Asosiy qonuni hayotning barcha jabhasiga chuqur singdirilgan jamiyat mudom yuksaklikka bo‘y cho‘zadi. Shu ma’noda, qonunlarning yuqori sifati va barqarorligiga erishish, ularni hayotga tatbiq etishning ishonchli mexanizmini yaratish faoliyatimizning asosiy mezoni bo‘lib qoladi.

Umuman olganda, qonun ustuvor yurt yanada taraqqiy etadi, rivojlanadi. Odamlar farovon yashaydi, ertangi kuniga, mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlarga ishonadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat.

 Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    711
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+