Taraqqiyotni ta’lim belgilaydi

05.01.2023, 14:42

Taraqqiyotni ta’lim belgilaydi

Yurtimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatiga ko‘ra har tomonlama yetuk kadrlarni shakllantirishga qaratilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ta’lim sohasida bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar ko‘pligi sir emas. Ularni hal etish borasida so‘nggi yillarda ko‘zga ko‘rinarli ancha ishlar qilindi ham. Bu sohadagi islohotlar davomli bo‘lishiga esa shubha yo‘q.   Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqqa Murojaatnomasida ta’lim-tarbiya masalasiga qayta va qayta e’tibor qaratilgani kishini shunday xulosaga undaydi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida: “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O’zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”, deb ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, tizimdagi og‘riqli masalalar ham ochiq aytilib, ularni hal etish bo‘yicha aniq maqsadlar, vazifalar belgilab olinganiga guvoh bo‘ldik.

Jumladan, Prezident “Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotgani hammamizni o‘ylantirishi kerak. Shu bois, 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarur”, dedi. Shu maqsadni amalga oshirish uchun shu yildan boshlab yangi dastur amalga oshirilishi, har bir viloyatda  bittadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etilishi, kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinishi esa yuqorida keltirilgan muammoni hal etishda munosib qadam bo‘ladi. 

2023 yilga esa “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilishi ham bejiz emas. Inson farovon jamiyatda dunyoga kelishi, baxtli umr kechirishi u yashaydigan jamiyat taraqqiyoti ma’rifat, ta’lim va tarbiya bilangina barpo etilishi yangi yilimiz nomlanishida ham yaqqol aks etib turibdi. Sir emaski, ertasini o‘ylagan, kelajagi farovon bo‘lishini istagan har qanday davlat, jamiyat albatta ta’lim-tarbiya sohasiga eng muhim masala sifatida qaraydi. Zero, donolar so‘zi bilan aytganda, “Bir yil to‘q yashayman desang – don-dun ek, besh yilni ko‘zlasang – bog‘ yarat, bir umr farog‘atda yashamoqchi bo‘lsang – boringni ilmga sarfla!”.

Abdulla ASLONOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

raisi o‘rinbosari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    264
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+