Soliq xavfining past darajasini aniqlash tizimini soddalashtirish va raqamlashtirish taklif etilayapti

06.01.2023, 15:19

Soliq xavfining past darajasini aniqlash tizimini soddalashtirish va raqamlashtirish taklif etilayapti

Mamlakatimiz iqtisodiyotida mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratilayotganligi tufayli so‘nggi olti yilda investitsiyalar hajmi yalpi ichki mahsulotning 30 foizidan oshdi. Prezidentimizning Oliy Majlisga va O’zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2023 yilda tayyor mahsulotlar eksportini qo‘shimcha 4 milliard dollarga yetkazish masalasi ilgari surildi. Shu ma’noda «Yangi O’zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti» dasturi samarasi o‘laroq 2022 yilning o‘zida 2 mingga yaqin tadbirkor ilk bor tashqi bozorlarga o‘z mahsulotlarini olib chiqdi. Murojaatnomada  2023 yilda eksport hajmi tariximizda ilk bor 23 milliard dollardan ortishi mo‘ljallanayotgani aytib o‘tildi.

Bu ulkan vazifalarni amalga oshirish maqsadida mamlakatimizda eksportchi korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimi joriy etilmoqda. Albatta, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib olish uchun tadbirkor eng intizomli soliq to‘lovchi bo‘lishi, eksportga mahsulot chiqarishi, oxirgi bir yil davomida valyuta tushumlarini o‘z vaqtida ta’minlab kelayotgan bo‘lishi, oxirgi bir yil davomida eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi bo‘lmasligi, tovarlar «eksport» bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran 180 kalendar kuni ichida valyuta tushumi yoki uning bir qismi eksport qiluvchining O’zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisobvarag‘iga kelib tushgan bo‘lishi talab etiladi.

Shuningdek, intizomli soliq to‘lovchi yoki soliq xavfining past darajasiga ega soliq to‘lovchi sifatida e’tirof etilishi uchun Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentyabrdagi “Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rni qoplash tartibini soddalashtirish  chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 595-sonli qarori talablariga asosan 17 ta tekshiruv ko‘rsatkichlari ijobiy bo‘lishi lozimligi belgilangan.

Ushbu tekshiruv ko‘rsatkichlari asosan inson omili tomonidan tekshiriladi va baholanadi. Mutaxassislar fikricha, mazkur omillarni tahlil qilish ko‘p vaqtni olishi bilan birga, ma’lumotlarni haqqoniy aks ettirish yuzasidan to‘liq shaffoflikni ta’minlash imkonini bermaydi. Shu bois partiyamiz ekspertlari tomonidan soliq xavfining past darajasini aniqlash tizimini  soddalashtirish va raqamlashtirish taklif qilinmoqda.

Aktam XAITOV,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    136
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+