Tinchlikning ahamiyati hatto raqamlarda ham namoyon bo‘lmoqda

10.01.2023, 10:28

Tinchlikning ahamiyati hatto raqamlarda ham namoyon bo‘lmoqda

Donishmand shoirimiz Alisher Navoiy o‘z asarlari orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni ulug‘lab, insoniyat orzu qilgan tinchlik g‘oyasini tarannum etgan, yaxshilik, ezgulikni targ‘ib qilgan, butun dunyo xalqlarini o‘zaro hamjihatlikda yashashga chorlagan. Poytaxtimizning go‘zal va xushmanzara maydoniga o‘rnatilgan Hazrat bobomiz haykali gumbazi ichida allomaning zarhal harflar bilan bitilgan “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish”, degan o‘tli satrlari insoniyatga qaratilgan ana shunday ezgu da’vatdir.

Bu hikmatli so‘zlar Yangi O’zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan insonparvarlik g‘oyalariga bevosita hamohang ekani bilan g‘oyat qadrli. Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga Murojaatnomasidagi “Eng bebaho oliy ne’mat — tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylaylik!”, degan g‘oyasida katta ma’no bor. Mamlakatimizning taraqqiy etishi, dunyo hamjamiyatida o‘z munosib o‘rnini egallashi uchun, birinchi navbatda, tinchlik va barqarorlik eng asosiy shart hisoblanadi. Dunyo ayvonida yuz berayotgan turli ko‘rinishdagi xavotirli voqealar, iqtisodiy xavf-xatarlar sharoitida bu omil yanada muhim ahamiyat kasb etyapti. Hozir jahon miqyosida jiddiy geosiyosiy vaziyat yuzaga keldi, energoresurslar taqchilligi kuchayib, oziqovqatga bo‘lgan talab kun sayin ortib bormoqda, moliyaviy resurslar tobora qimmatlashyapti.

Davlatimiz faqatgina barqarorlik, hamjihatlik muhitidagina yuqori natijalarga erishdiki, bularga yaqqol misol sifatida quyidagi dalillarni keltirish mumkin:

— keng ko‘lamli va samarali islohotlar natijasida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 80 milliard AQSh dollaridan oshdi;

— faqat 2022 yil mobaynida O’zbekiston iqtisodiyotiga 8 milliard to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyalari jalb qilindi;

— mamlakatning eksport hajmi 19 milliard dollarga yetdi.

Bu raqamlar ortida qancha zahmatli mehnat va harakatlar yotibdi. Ularning barchasi, birinchi navbatda, tinchlikka asoslangan sharoitlar jarayonida amalga oshadi. Masalan, 1990 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan davrda chet eldagi harbiy ziddiyatlarning katta qismi (davlatlararo va fuqarolik)ning qiyosiy tahlili ko‘rsatdiki, aholi jon boshiga YaIM darajasi ziddiyat tugagandan keyin ancha kamayib ketadi. Bu ko‘rsatkichning pasayish dinamikasi 64,3 foizgacha yetishi mumkin.

BMT qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarining ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil o‘rtalariga kelib notinchlik, ya’ni ta’qib, to‘qnashuvlar, inson huquqlari buzilishi va jamoat xavfsizligini jiddiy buzadigan voqealar sabab 100 milliondan ortiq inson o‘z yurtini tashlab, boshqa davlatlarga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yil yakuniga qaraganda 15 foizga ko‘p bo‘lib, boshqacha aytganda, dunyodagi har 77 odamdan 1 nafari o‘z yashash joyini tark etishga majbur bo‘lganidan dalolat beradi.

Shuningdek, turli tadqiqotlarga ko‘ra, so‘nggi 3400 yillik insoniyat tarixida faqat 8 foiz yillik hayot tinchlikda, qolganlari esa notinchlik sharoitida kechgan. O’tgan asrning o‘zida urushlarda 108 million inson halok bo‘lgan. Bu salbiy jarayonlar bizning davrda ham tinchimadi. Bu misollar bizdan ogohlikni talab etadi.

Ziddiyatlar ichki sarmoyadorlar kabi tashqi investorlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu kabi murakkab vaziyatning intensivligiga bog‘liq ravishda ular o‘z mablag‘ini uzoq xorij davlatlariga olib chiqib ketadi yoki yaqin qo‘shni mamlakatlarning ishlab chiqarish quvvatlariga ko‘chiradi. Ayniqsa, ichki investitsiyalar qurolli ziddiyatlarga o‘ta ta’sirchan bo‘lgan ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Qurolli to‘qnashuvlarning boshlanishi moliyaviy sarmoyalar kabi haqiqiy investitsiyalarga ham darhol salbiy ta’sir qiladi. Bu mamlakatdagi jamg‘arma bozorlari va qimmatbaho qog‘ozlar bozorlari darhol uning ta’sirini his etishi, kapital qurilishga sarmoya kiritish esa yuqori xavf-xatarlar tufayli to‘xtab qolishi (ayniqsa, bunday investitsiyalar jangovar harbiy harakatlar kechayotgan hududlarda bo‘lsa) bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, investorlar kelajakka ishonchsizlik tufayli ishlab chiqarishga sarmoya kiritishdan saqlanadi. Buning oqibati yanada xatarli, ya’ni ommaviy ishsizlik va o‘ta kuchli inflyatsiya xavfi yuqori bo‘ladi. Xususan, SerraLeonedagi qurolli to‘qnashuvlar doirasida milliy valyuta devalvatsiyasi faqat bir yilning ichida 92,8 foiz, Jazoirda 92,3, Serbiyada 83,7, Ruandada 76,9, Burundida 77,6, Yamanda 70 foizni tashkil etganini eslaylik.

Qurolli to‘qnashuvlarning devalvatsion ta’siri bir qancha sabablar majmui bilan shartlanadiki, bular infratuzilmaning buzilishi, eksport hajmi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyalarining qisqarishi, kapitalning mamlakat chegarasidan chiqib ketishi (bunga valyuta bozoridagi bank taqchilligi ham kiradi), savdo “qamal”lari, savdo-iqtisodiy aloqalari buzilishi va shu kabilar kiradi.

Insonlarning ko‘chib ketishi harbiy harakatlar tufayli bo‘lgani kabi ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining buzilishi, ishchi o‘rinlari qisqarishi, biznes infratuzilmasi yo‘q bo‘lishi oqibatida ham yuz beradi. Majburiy migratsiya sharoitlarida mahalliy xo‘jaliklarning o‘zlari uchun mahsulot ishlab chiqarishi ham to‘xtaydi. Bu yerda biz jamiyat ziddiyatliligining siklik ravishda o‘sishini ko‘ramiz. Ya’ni dunyo tajribasi ko‘rsatishicha, kambag‘allik nafrat va qirg‘inlar asosida yangi to‘qnashuvlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Bir tomondan, qashshoqlik ko‘plab insonlar uchun jangovar harakatlarda ishtirok etish va qurolli to‘qnashuvlardan tirikchilik maqsadida pul ishlash yo‘li sifatida foydalanishga rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Boshqa tomondan esa infratuzilma buzilishi, tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘lishi, demakki, boquvchining yo‘qotilishi, qochqinlar paydo bo‘lishi va mamlakat ichida odamlarning ko‘chib yurishi qashshoqlikning ortishiga olib keladi. Shu tarzda ziddiyatlar paydo bo‘lishi va bu tufayli kambag‘allikning ortishida davriylik mavjud.

Bizning ajdodlarimiz hamisha yurtda tinchlik barqaror bo‘lmog‘ini orzu qilgan. Davlatimiz har doim har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonliklarni — u harbiy bo‘ladimi, iqtisodiy bo‘ladimi, ziddiyatlarni yoqlamaydi. Bir kun janjal bo‘lgan joydan qirq kun baraka ko‘tariladi, degan xalqona iborani bir eslaylik. Shuning uchun dunyodagi noxush voqealarni chuqur tahlil qilgan holda, ularning barchasidan to‘g‘ri xulosa chiqarmog‘imiz lozim.

Har bir inson bu dunyoda nima uchun yashaydi, orzu-umidlari qachon ro‘yobga chiqadi? Qachonki, avvalo, o‘z oilasida, mahalla-guzari, qishloq-ovulida tinchlik bo‘lsagina, hayoti shirin, totli bo‘ladi. Demak, har birimiz tinchlik eng oliy ne’mat bo‘lmog‘i uchun kurashmog‘imiz darkor.

Shu o‘rinda tinchligimizni kafolatlashda tunu kun o‘zlarining vatanparvarlik burchlarini sharaf bilan ado etayotgan, chegaralarimiz daxlsizligi va tinch turmushimizni ta’minlayotgan Vatan himoyachilarini ham faxr bilan tilga olmog‘imiz kerak. Masalan, “Global Firepower Index-2021” jahon armiyalari reytingida O’zbekiston 140 ta davlat ichida 54-o‘rinni egallagan.

Ming shukrki, yurtimizda tinchlik hukmron. Eng bebaho ne’mat — osoyishtaligimiz qadriga yetishimiz, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimiz baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylashimiz lozim. Prezidentimiz ham shu maqsadda yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berish kerakligini bejiz uqtirmadi. Zero, yoshlar turli yot g‘oyalardan ogoh bo‘lgan holda, siyosiy jarayonlarga teran nazar solishga tayyor bo‘lmog‘i kerak. Ayniqsa, vatanparvarlik quruq so‘zda emas, har bir yurtdoshimizning turmush tarzi, oila davrasi va hayot mazmunini tashkil etishi zarur. Ushbu qadriyat yoshlikdan shakllantirilishi va milliy, ma’naviy qadriyatlar bilan mustahkamlanmog‘i lozim.

Azamat SEITOV,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi sektor mudiri,

 sotsiologiya fanlari doktori

  • Ko'rildi
    278
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+