O’zbekiston 2 milliard tonna ko‘mir zaxirasiga ega

13.01.2023, 11:10

O’zbekiston 2 milliard tonna ko‘mir zaxirasiga ega

Har yili qish-qirovli kunlarda aholiga, ayniqsa, chekka va olis hududlarda yashayotgan qishloqlarga ko‘mir yetkazib berish muhim vazifalardan biri sanalgan. Sababi, aholimizni sovuq kunlarda betalofatsiz o‘tkazib olishda ushbu sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy natijasini beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir va uran ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishar ekan, mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi o‘sishi bilan energiya quvvatlariga talab oshib borayotganini ta’kidlab,  bu ehtiyojni ta’minlash uchun barcha manbalar qatori ko‘mir qazib olish hajmi ham kengaytirilayotganini,  oxirgi besh yilda bu ko‘rsatkich yiliga 4 million tonnadan 5 million 300 ming tonnaga oshirilganini aytib o‘tdi.

Yurtimiz hududida qariyb 2 milliard tonna ko‘mir zaxiralari mavjud va bu zaxiralardan unumli foydalanishda barcha imkoniyatlarni ishga solish zarur. Xususan, joriy yilda “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish loyihasi yakunlanadi. Buning evaziga yurtimizda yuqori sifatli ko‘mir qazib olish quvvati 900 ming tonnagacha oshadi.

Prezidentimiz tomonidan “Sharg‘un” va “Boysun” konlarini  o‘zlashtirish orqali yuqori sifatli ko‘mir ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyati borligini ko‘rsatib o‘tildi. Bu konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligi belgilandi.

Yurtimiz tog‘-kon sanoati rivojida yana bir muhim manba hisoblangan “Navoiyuran” davlat korxonasida uran qazib olish hamda qayta ishlash hajmini oshirish bo‘yicha 2022 yil 14 iyulda Prezident qarori qabul qilingan edi. Xususan, uni qazib chiqarishni 2030 yilgacha 2 barobarga oshirib, 7,1 ming tonnaga yetkazish choralari belgilangan.

Yig‘ilishda Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ma’lumot berildi. Prezident ushbu hamkorlik doirasida uran qazib olish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, qo‘shimcha yangi konlarni aniqlash bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Xulosa shuki, mamlakatimizda xalqimiz ehtiyojini ta’minlash uchun yetarli yer osti boyliklariga ega. Undan samarali foydalansak, qazib olish, qayta ishlash hamda joylarga yetkazib berish tizimini oqilona yo‘lga qo‘ysak, yuzaga kelayotgan muammolar o‘z-o‘zidan barham topadi. Zero, yurtimiz yer osti boyliklari xalq mulkidir.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    407
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+