Sanoatda 14 foiz samaradorlikka erishish imkoniyati mavjud
13.01.2023, 11:22

Har qanday mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti sanoat ishlab chiqarishi bilan chambarchas bog‘liq. Bugun dunyoda sanoati jadal rivojlangan mamlakatlar misolida buni yaqqol ko‘rib turibmiz. Mamlakatimizda ham sanoat sohasining barcha tarmoqlarini izchil rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Yutuqlar ham bor, ammo yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas.
Shu yil 10 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoatni rivojlantirish hamda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan bu haqda aytib o‘tildi. To‘g‘ri, sohaga zarur sharoit yaratish maqsadida so‘nggi yillarda 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Ularning infratuzilmasiga 10 trillion so‘m yo‘naltirildi. Natijada oxirgi besh yilda sanoat korxonalari soni 2 barobar ko‘payib, 100 mingtaga yetdi, ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga ko‘paydi.
Ammo yig‘ilishda bu natijalar mamlakatimizda sanaotni izchil taraqqiy ettirish uchun mavjud imkoniyatlarimiz darajasidan past ekanligi ta’kidlandi. Xususan, 2022 yilda Navoiy, Buxoro va Toshkent viloyatlarida sanoat o‘sishi talablar darajasida emas. Yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazmda ip-kalavani qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Namangan, Samarqand va Navoiyda oziq-ovqat, charm-poyabzal, mebel ishlab chiqarish salohiyati yetarlicha ishga solinmagan.
Mazkur muammolarni hal etish yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 ta imkoniyatdan foydalanish bo‘yicha topshiriq berdi. Asosan, tijorat banklarida korxonalarga kredit ajratish uchun qo‘shimcha 55 trillion so‘m resurs ajratish, 2023 yilda sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari infratuzilmasi uchun 1,7 trillion so‘m yo‘naltirish, 60 ta tumanga 27 turdagi soliq imtiyozi, subsidiya va preferensiyalar berish hamda 2023 yilda to‘qimachilik loyihalariga qo‘shimcha 300 million dollar ajratish orqali sanoat ishlab chiqarishida yuqori samradorlikka erishish ta’kidlab o‘tildi.
Mamlakatimizda barcha manbalar evaziga joriy yilda sanoatni 14 foizga oshirish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi. Zotan, davlat rahbari tomonidan muammolar ochiq aytib o‘tilar ekan, sanoat sohasidagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanishda, ishlab chiqarishga investitsiyalarni jalb etishni ko‘paytirishda nafaqat sohaga daxldor rahbarlar balki keng jamoatchilik ham o‘z hissasini qo‘shishi lozim.
Aytmoqchimanki, joylarda mahalliy hokimliklar, jamoat birlashmalari, deputat va senatorlar masalani chuqur o‘rganib, to‘siq va kamchiliklarni ko‘tarib chiqishlari zarur. Mamlakatda sanoat ishlab chiqarishini jadal rivojlantirishda har bir kishi mas’ul ekanini unutmasligimiz kerak.
Dilbar Usmonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.
O'xshash yangiliklar
-
Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
02.06.2023, 16:59
-
Xalq manfaatlari qonunlarda aks etmoqda
22.05.2023, 19:10
-
O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi rivojida yangi davr boshlanmoqda
20.05.2023, 13:12
-
Kambag‘allikni qisqartirishda yangi dastur ishlab chiqildi
16.05.2023, 17:04
-
Energiya ta’minotida burilish davri boshlanmoqda
15.05.2023, 17:43
Fikringizni qoldiring