Ijro, nazorat, natija
13.01.2023, 11:51

Parlament va mahalliy vakillik organlari faoliyatida qabul qilinayotgan qonunlar, qarorlar va Davlat Dasturlarining ijrosini nazorat qilish muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, dasturlar ijrosining natijadorligi ijro nazoratining qanchalik samarali tashkil etilishiga ham bog‘liq. Albatta, buning uchun dasturlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar, uni moliyalashtirish manbaalari, ijro muddatlari va ijrochilar aniq belgilangan bo‘lishi shart.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasining 2023 — 2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori va qaror bilan tasdiqlangan Dasturni ijro uchun ham nazorat uchun ham vazifalar, uni moliyalashtirish manbaalari, ijro muddatlari va ijrochilar aniq belgilangan huquqiy asos sifatida ko‘rishimiz mumkin.
Dasturda Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini jadal rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, investitsiya jarayonlarini jadallashtirish va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, shuningdek, joylarda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash yuzasidan amalga oshiriladigan vazifalar aniq belgilab qo‘yilgan.
Ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish vazifalari avvalo yetarli energiya ta’minotini taqozo etadi. Dasturda Energetika vazirligi tomonidan muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun respublikamiz bo‘yicha 17 ta loyihani ya’ni issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish belgilanib, ularning umumiy quvvati 9162 MVtni tashkil etadi. Shundan hozirda 11 ta loyihada qurilish ishlari boshlangan, 2927 MVtli 6 ta elektr stansiyalari joriy yil ishga tushadi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan Tolimarjon, Toshkent va Navoiy issiqlik elektr stansiyalariga 3 ta yangi bug‘-gaz qurilmalarini xamda 2 ta gaz turbinalarini qurish orqali qo‘shimcha 1614 MVt elektr energiyasi olinadi. “O’zbekgidroenergo” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan esa umumiy quvvati 545,9 MVtli 6 ta GESlar (gidro-elektro stansiyalar) qurilishi davom ettirilmoqda. Jumladan, Buloqboshi tumanidagi 3-Janubiy Farg‘ona kanalida qurilayotgan GESlar kaskadi 2024 yildan energiya bera boshlaydi.
Dasturdagi aholi uchun ham, sanoat uchun ham eng dolzarb va muhim bo‘lgan elektr energiya ta’minoti bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosining partiyamiz va deputatlarimiz tomonidan doimiy nazorat qilinishi dasturning samarali ijrosi va natijadorligini ta’minlaydi.
To‘lqin Karimov
Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati,
O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.
O'xshash yangiliklar
-
Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
02.06.2023, 16:59
-
Xalq manfaatlari qonunlarda aks etmoqda
22.05.2023, 19:10
-
O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi rivojida yangi davr boshlanmoqda
20.05.2023, 13:12
-
Kambag‘allikni qisqartirishda yangi dastur ishlab chiqildi
16.05.2023, 17:04
-
Energiya ta’minotida burilish davri boshlanmoqda
15.05.2023, 17:43
Fikringizni qoldiring