O’zbekistonning rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan tashabbuslari

13.01.2023, 16:16

O’zbekistonning rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan tashabbuslari

Hindistonda “Bir ovoz, bir maqsad” shiori ostida “Global Janub ovozi” onlayn-sammiti bo‘lib o‘tdi. 120 davlat vakillari ishtirok etgan sammit Global Janub mamlakatlarini umumiy platformada o‘zaro fikr almashish va ustuvor yo‘nalishlarni belgilash uchun birlashtirish maqsadida o‘tkazildi. Tadbirda Vetnam Respublikasi Prezidenti Nguyen Suan Fuk, Gayana Respublikasi Prezidenti Muhammad Irfon Ali, Mozambik Respublikasi Prezidenti Filipe Nyusi, Senegal Respublikasi Prezidenti Maki Sall, Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vaziri Shayx Xasina, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Tailand Qirolligi Bosh vaziri Prayut Chan Ocha, Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Sen va Papua - Yangi Gvineya Mustaqil Davlati Bosh vaziri Jeyms Marape va boshqalar ishtirok etdi.

Xalqaro hamjamiyatning ushbu sammitga bo‘lgan qiziqishi Hindistonning “Katta yigirmatalik”ka (G20) raisligi barcha mamlakatlarga o‘z g‘oyalari va maqsadlarini baham ko‘rish imkonini berayotgani bilan ifodalanmoqda. Bundan avval Bosh vazir Narendra Modi Hindiston raisligi nafaqat G20dagi hamkorlar, balki ovozi ko‘pincha e’tiborsiz qoladigan Global Janub davlatlari bilan ham maslahatlashgan holda shakllantirilishini ta’kidlagan edi.

Kun tartibiga muvofiq, inson manfaatlariga yo‘naltirilgan barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi. Rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surish va dolzarb muammolarini hal qilish maqsadida, shu jumladan iqtisodiyot, ekologiya, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, innovatsiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr va aniq takliflar almashildi.

Zamonamizning mavjud muammolarini birgalikda muhokama kilishning dolzarbligi bugungi kunda jahon hamjamiyati turli qarama-qarshilik va ziddiyatlarning keskinlashuvi, iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlariga duch kelayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, xalqaro munosabatlarda ochiq muloqot va o‘zaro ishonchning tobora kamayib borayotgani kuzatilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqi sammit ishtirokchilarining alohida e’tiborini tortdi. Davlatimiz rahbari bugungi xalqaro vaziyatda kuzatilayotgan dolzarb tendensiyalarga baho berib, rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan asosiy ustuvor vazifalar borasida fikr bildirdi. 

Prezidentimiz, eng avvalo, xalqaro savdo tizimini “Global Janub ovozi”ni e’tiborga olgan holda yanada takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. Asosiy bozorlarga chiqishda hamon turli to‘siq va cheklovlarga duch kelayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim.

Rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, global logistika va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, investitsiya va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda ko‘maklashish masalalari jahon sammiti kun tartibidan o‘rin olishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Yana bir strategik masala – “Shimol-Janub” xalqaro yo‘lagi doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga qaratilgan, Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo‘lni qurish loyihasini faol ilgari surish. “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish sharoitida taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi katta texnologik farq o‘sib borayotganiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Shu munosabat bilan O’zbekiston jahonning yetakchi davlatlari ko‘magida “Global Janub” uchun “yashil” texnologiya va innovatsiyalar axborot bankini yaratishni taklif qilmoqda.

Global miqyosda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbari O’zbekiston ilgari surayotgan Afg‘oniston muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro muloqot guruhini shakllantirish taklifini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Prezidentimiz inson kapitalini rivojlantirish va professional ta’lim sifatini oshirish kabi dolzarb masalaga ham alohida e’tibor qaratdi. Bu iqtidorli yoshlarni iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, muqobil energetika, raqamlashtirish va boshqa ustuvor sohalardagi milliy va xalqaro dasturlarni ishlab chiqishga keng jalb etish bilan bog‘liq. Shundan kelib chiqib, Shavkat Mirziyoyev “Janub yoshlari ovozi” doimiy muloqot platformasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

O’zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Hindistonning rivojlanayotgan mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va samarali aloqalarni mustahkamlashdagi faol o‘rni va rolini alohida ta’kidlab o‘tdi. Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda O’zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi va xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Masalan, O’zbekiston axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalar sohasida jahon yetakchilaridan biri bo‘lgan Hindiston bilan ilm-fan sohasida hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Bugungi kunda Hindiston dasturlash va IT-autsorsing bo‘yicha jahon bozorida yetakchi o‘rindadir. Bu mamlakatimiz uchun ham katta amaliy ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, Hindiston FinTechning yuqori darajasini dunyoga olib chiqishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Bu eng tez rivojlanayotgan moliyaviy texnologiya bozorlaridan biridir. Hindistonning FinTech bozori 31 milliard dollarga baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘rtacha yillik o‘sish surati 22% foizni tashkil etgan holda 2025 yilga borib 84 milliard dollargacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruqlik orqali transport yo‘li yo‘qligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning jadal rivojlanishidagi asosiy to‘siq hisoblanadi. Bu borada Eronning “Chobahor” porti orqali o‘tadigan yo‘lak katta istiqbollarni ochmoqda. Bu port orqali yuklarni tranzit qilishni “Toshkent – Marv – Mashhad – Bafq – Chobahor” marshruti orqali amalga oshirish va keyin dengiz transporti orqali Janubi-sharqiy Osiyo va Forz ko‘rfazi mamlakatlariga yetkazib berish mumkin.

Bu yo‘lak, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga, ikkinchidan, Markaziy Osiyo davlatlarining eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Mutaxassislarning fikricha, Chobahor porti orqali o‘tadigan savdo yo‘li tovarlarni eksport qilish xarajatlarini 60 foizga hamda Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mahsulot yetkazib berish muddatini 50 foizga qisqartirish imkonini beradi. Natijada tovarlarning raqobatbardoshligi oshadi. Bu ham O’zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasining Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirish uchun zarur shart-sharoit yaratadi.

Bir so‘z bilan aytganda, koronavirus pandemiyasi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari hamda ekologik muammolar global taraqqiyotning istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. “Global Janub ovozi” onlayn-sammiti kabi yirik xalqaro anjumanlar, unda bildirilgan fikrlar, jumladan O’zbekiston tashabbuslariga asoslangan takliflar rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surishga, inson manfaatiga yo‘naltirilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    486
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+